O‘zbekistonda investorlar, sayyohlar va tadbirkorlar uchun shaxsiy qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, hukumat tegishli bo‘linmalarning texnik arsenalini boyitish, jumladan, uchuvchisiz uchish qurilmalari yordamida kuzatuv olib borishni nazarda tutmoqda. Qo‘riqlash xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar 26-noyabr kungi yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining мatbuot xizmati.
Mutasaddilarning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatdagi ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingga, turar joylar esa 1,5 milliondan 8 millionga yetgan. Shu bois «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz poytaxt», «Obod va xavfsiz mahalla» hamda «Xavfsiz uy» dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, qo‘riqlovga olingan obyektlar soni 337 mingtagacha, mobil tezkor guruhlar soni esa 630 tagacha ko‘paydi. 6 mingdan ortiq mahallada patrul xizmati tashkil etilib, 58 ming nafar qo‘riqchining malakasi oshirildi.
Shu bilan birga, mazkur soha islohotlarga muhtoj. Birinchi navbatda, amaldagi platformalarni birlashtirish negizida «Raqamli qo‘riqlash» yagona axborot tizimini joriy etgan holda jarayonni to‘liq raqamlashtirish taklif qilinmoqda. Bu xizmat ko‘rsatish shartnomalarini elektron shaklda rasmiylashtirish, to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn olish va tezkor guruhlarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, qo‘riqlash xodimlarining faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanish zarurligi qayd etildi.
Sohaviy idoralar vakillari amaldagi 6 turdagi qo‘riqlash xizmatlariga qo‘shimcha ravishda yana 8 ta yangi turdagi xizmatni kiritishni taklif qildilar. Xususan, «Aqlli va xavfsiz uy» konsepsiyasi doirasida ko‘p qavatli uylar hududida videokuzatuv qurilmalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, smartfonlar orqali shoshilinch xizmatlarni chaqirish bo‘yicha virtual SOS tizimini joriy etish mumkin.
Yig‘ilishda texnik vositalarni mahalliylashtirish va milliy dasturiy ta’minotni ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga yetkazish hamda uskunalar ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingdan 30 ming donagacha oshirish qurilmalar tannarxini 1,7 barobarga arzonlashtirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Milliy gvardiyaning vakolatlarini kengaytirish variantlari muhokama qilindi. Rasmiylar ushbu tuzilma himoyasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan obyektlar toifalari sonini 13 tadan 24 taga yetkazish, jismoniy, texnik va shaxsiy qo‘riqlash, shuningdek, ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish tashabbusini ilgari surdilar. Biroq Milliy gvardiya faoliyatidagi kutilayotgan o‘zgarishlarning tafsilotlari keltirilmagan.
Yakunda davlat organlari vakillari islohotlar natijasida 2027-yilga borib qo‘riqlanadigan obyektlar soni 600 mingtaga yetkazilishi, mobil guruhlar soni esa 800 tagacha oshishini ma’lum qildilar. Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda 1,5 mingta mahallada patrul xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘riqlash xizmati xodimlari shtati 8 ming kishiga kengaytiriladi.



