Qirg‘iziston FVV sobiq rahbari lavozim vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlanib qo‘lga olindi

Boobek Ajikeyev. reporter.kg sayti fotosurati

Qirg‘izistonda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligining sobiq vaziri Boobek Ajikeyev qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayangan holda 24.kg nashri xabar berdi.

Ajikeyev «Baytik» meteostansiyasi hududida bino qurilishi jarayonida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda.

Harbiy prokuratura aniqlashicha, Ala-Archa daryosidan besh metr masofada — qurilish qat’iyan taqiqlangan suvni muhofaza qilish hududida — xizmat-maishiy maqsadlarga mo‘ljallangan obyekt qurilgan. Aniqlanishicha, qurilish ishlarini Favqulodda vaziyatlar vazirligi amalga oshirgan, biroq quruvchilarda loyiha-smeta va tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar bo‘lmagan.

«Favqulodda vaziyatlar vazirligining mas’ul mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazilgan», — deyiladi Bosh prokuratura xabarnomasida.

Unda qayd etilishicha, Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 337-moddasi 4-qismi («Mas’ul lavozimni egallagan mansabdor shaxs tomonidan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish»)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, favqulodda vaziyatlar sobiq vaziri A. B. qo‘lga olingan.

Ajikeyev Bishkek shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasining vaqtincha saqlash izolatoriga (VSI) joylashtirilgan.

Bobek Ajikeyev Favqulodda vaziyatlar vazirligini 2021 yil 13 oktyabrdan 2026 yil 16 fevralga qadar boshqargan. U Kamchibek Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi va Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etilganidan so‘ng hokimiyatda amalga oshirilgan kadrlar almashinuvlari fonida lavozimidan chetlatilgan.

Shunisi e’tiborliki, Ajikeyevdan keyin Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimini egallagan Urmatbek Shamirkanov tayinlanganidan bir oy ham o‘tmay, vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan davrida pora olgani sababli lavozimidan ozod qilingandi.