Frantsiyaning Oʼzbekistondagi elchisi Valid Fuk:

«Biz Markaziy Osiyoni munosabatlarimiz markaziga qaytarishni istaymiz»
Valid Fuk

Frantsiya uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi mustaqil strategik ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Bu haqda Frantsiyaning Toshkentdagi elchisi Valid Fuk (Walid Fouque) Novastan portaliga bergan eksklyuziv intervyusida ma’lum qildi. U mazkur lavozimga 2025 yil iyul oyida tayinlangan.

39 yoshli, Sciences Po Paris bitiruvchisi va «Sharq tanlovi» (concours d'Orient) g‘olibi Valid Fuk avval Fransiyaning Xitoydagi elchixonasida siyosiy maslahatchi, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Frantsiyaning doimiy vakolatxonasida, Nyu-York shahrida faoliyat yuritgan. Keyin esa Yelisey saroyida ishlagan. Uning aytishicha, Toshkentga tayinlanishni o‘zi tanlagan bo‘lib, bunga «geografik jozibadorlik, Buyuk Ipak yo‘li timsoli va mamlakatdagi islohotlar sur’ati» sabab bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish davrida diplomatiyaning o‘rni haqidagi savolga javob berar ekan, Valid Fuk bu kabi vositalar Frantsiya pozitsiyasini tushuntirish, hamkorlarni qo‘shma loyihalar muhimligiga ishontirish, shuningdek, dezinformatsiya va har qanday manipulyatsiyalarga qarshi faol kurashish uchun xizmat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijdagi diplomatning vazifasi Frantsiyaning tamoyillari, qadriyatlari va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, O‘zbekiston bilan munosabatlarning barcha imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishdan iborat. Shu bois u O‘zbekistonga kelganidan so‘ng mamlakatning barcha hududlariga tashrif buyurib, jumladan, o‘zbek yoshlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan.

Elchi o‘zining o‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirokini aholining katta qismi faqat o‘zbek tilida so‘zlashishi bilan izohlaydi. Uning ta’kidlashicha, bu odamlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish uning uchun muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, bu siyosiy signal hamdir. Uning fikricha, «qariyb 120 yil Rossiya mustamlakasi bo‘lgan» mamlakatda uning tiliga hurmat ko‘rsatish muhim hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlar, tadqiqotchilar, rassomlar va talabalar kabi fuqarolik jamiyati vakillari bilan aloqalarni tildan ajralgan holda rivojlantirib bo‘lmaydi.

Suhbatda ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Frantsuz-o‘zbek universitetini elchi o‘zining markaziy loyihasi deb atadi. Ushbu universitet sentyabr oyida faoliyat boshlashi kutilmoqda. Birinchi bosqichda u yerda frantsuz tilini xorijiy til sifatida o‘qitish bo‘yicha magistratura dasturi yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik esa energetika va transport sohalaridagi ta’lim dasturlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Elchining fikricha, universitet oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi almashinuv dasturlarining tayanch nuqtasiga aylanadi hamda frantsuz tilini biladigan yoki uni yanada takomillashtirishni istagan o‘zbekistonliklar uchun joziba markaziga aylanadi. Ularning bir qismi keyinchalik Frantsiyada, ayniqsa ilm-fan va yangi texnologiyalar sohalarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Elchiga ko‘ra, o‘zbek yoshlarining bilim va salohiyati fransuz ilmiy tadqiqotlarining rivojlanishiga ham hissa qo‘shishi mumkin.

Nima uchun Parij ingliz tili ustunlik qilayotgan bir sharoitda frantsuz tiliga tayanayotganini tushuntirar ekan, Valid Fuk frantsuz tilini «kelajak tili» deb atadi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda dunyoda 400 million nafardan ortiq frantsuz tillilar mavjud boʼlib, yaqin oʼn yilliklarda ularning soni 700 milliondan oshadi. Shuningdek, u Frantsiyaning boy ilmiy anʼanalariga eʼtibor qaratib, frantsuz tilini mehnat bozori uchun ham muhim «imkoniyatlar tili» deb baholadi. Chunki frantsuz kompaniyalari frantsuz tilini biladigan mutaxassislarni ishga yollaydi.

Elchi maʼlumotlariga koʼra, bugungi kunda Oʼzbekistonda bolalar bogʼchasidan tortib oliy taʼlim muassasalarigacha boʼlgan bosqichlarda 190 mingdan ortiq kishi frantsuz tilini oʼrganmoqda. Hozirda yigirmaga yaqin oʼqituvchi dars berish uchun mamlakatga kelib ishlayotgan boʼlsa, kelajakda ularning sonini yuz nafarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada “Аlyans Fransez” tarmogʼiga ham tayaniladi.

Madaniyat sohasida esa elchi frantsuz madaniyatini imkoni boricha keng auditoriyaga yetkazishni asosiy vazifalardan biri sifatida koʼrsatdi. Shu maqsadda frantsuz kinosi festivali oʼtkazilmoqda, oʼtgan yili boshlangan «Frantsuz madaniyati oyligi» loyihasi avval Qoraqalpogʼistonda, joriy yili esa Buxoro viloyatida tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkentda Frantsiyaning yetakchi muzeylaridan biri ishtirokida ilk yirik koʼrgazmani oʼtkazish rejalashtirilmoqda. Elchi shuningdek 6–7 iyun kunlari boʼlib oʼtgan Fabriqué en France koʼrgazmasini ham eslab oʼtdi. Unda Louis Vuitton, Airbus va Michelin kabi kompaniyalar orqali frantsuz mahorati va sanoat salohiyati namoyish etildi.

2025 yil mart oyida Shavkat Mirziyoevning Frantsiyaga tashrifidan keyin mustahkamlangan strategik sheriklik haqida soʼz yuritarkan, Valid Fuk arxeolog va tarixchi, Collège de France professori Frants Granening «Markaziy Osiyoni munosabatlar markaziga qaytarish» haqidagi iborasini keltirdi. Uning taʼkidlashicha, Frantsiya Markaziy Osiyoni mustaqil strategik mintaqa sifatida koʼradi va Emmanuelь Makronning barcha saʼy-harakatlari Oʼzbekistonga toʼlaqonli hamkor sifatida munosabatda boʼlishga qaratilgan. Bu amalda energetika, suv xoʼjaligi, transport, energetik transformatsiya, qishloq xoʼjaligi, madaniyat va madaniy merosni asrash sohalaridagi qoʼshma loyihalarda namoyon boʼlmoqda.

Energetika sohasida elchi Voltalia kompaniyasini misol qilib keltirdi. Kompaniyaning quyosh elektr stantsiyasi 2024 yilda qurilishi boshlanib, 2025 yil dekabrь oyidayoq Oʼzbekiston elektr tarmogʼiga ulangan. Shuningdek, EDF tomonidan har biri 1,6 GVt quvvatga ega boʼlgan ikki kombinirlangan siklli gaz elektr stantsiyasi loyihasi amalga oshirilmoqda. Elchining taʼkidlashicha, bu quvvat birta EPR turidagi atom reaktori quvvatiga teng boʼlib, mazkur loyihalar mamlakat energetika balansi va umumiy taraqqiyoti uchun «oʼta muhim tuzilmaviy ahamiyatga ega». Boshqa misollar sifatida u Suezning Toshkent suv taʼminoti sohasidagi ishtirokini, Airbusning transport sohasidagi faoliyatini, Veolianing poytaxt issiqlik taʼminoti bozorining bir qismi uchun masʼul ekanini hamda Saint-Gobainning Oʼzbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi birinchi zavodini ochganini qayd etdi.

Markaziy Osiyo mintaqasiga qayta yoʼnalish berish maʼnosini tushuntirar ekan, Valid Fuk bir qator sabablarni sanab oʼtadi. Uning aytishicha, oʼtgan yili Oʼzbekiston iqtisodiyoti 7 foizdan ziyod oʼsgan, davlat moliyasi esa Xalqaro valyuta jamgʼarmasi bahosiga koʼra barqaror holatda, mamlakat tashqi dunyoga ochiqlik va islohotlarni davom ettirishga qatʼiy bel bogʼlagan. Uning maʼlum qilishicha, Frantsiya va Oʼzbekiston oʼrtasida tovar aylanmasi taxminan 730 million yevroga teng boʼlib, Frantsiya foydasiga 270 million yevro ijobiy salьdo mavjud. Parij esa Oʼzbekistonning hamkorliklarini diversifikatsiya qilishga koʼmaklashishga intiladi: Rossiya va Xitoy bilan yaqin aloqalarni saqlagan holda, Toshkent Yevropa Ittifoqi va ayniqsa Frantsiya bilan yaqinlashishga intilayotganini koʼrsatmoqda. Fukning fikricha, bu «choʼzilgan qoʼl»ga javob berish Frantsiya manfaatlariga ham toʼgʼri keladi.

Qiyinchiliklar orasida elchi birinchi navbatda masofa va unga bogʼliq logistikani taʼkidlab, agar qiyinchiliklar yuzaga kelsa, Frantsiya yechim topish uchun Oʼzbekiston rasmiylari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega ekanligini taʼkidladi. Shu bilan birga, u Frantsiyaning oʼrta biznes va kichik hamda oʼrta korxonalar (PME) uchun Oʼzbekiston bozoriga chiqish imkoniyatlarini qoʼllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlaydi, chunki ular hozirgi iqtisodiy dinamikadan foydalanishi mumkin. «Oʼzbekistonni tanlash — bu aniq va tabiiy tanlov», — deydi Valid Fuk. Uning eslatishicha, mamlakat sobiq sovet hududida Rossiyadan keyin eng koʼp aholiga ega boʼlgan davlat boʼlib, yaqin yillarda aholi soni 40 millionga, 2050 yilga borib esa 50 millionga yetishi mumkin. Shu bilan birga, iqtisodiyot 6–7 foiz atrofida barqaror oʼsishni saqlab qolmoqda. U qoʼshimcha qilishicha, yirik oʼzbek loyihalariga frantsuz banklari, jumladan Société Générale ham sarmoya kiritmoqda. Frantsuz taraqqiyot agentligi esa soʼnggi yetti yil ichida 1,5 milliard yevrodan ortiq mablagʼ ajratgan boʼlib, shu tufayli Frantsiya bugun Oʼzbekistondagi asosiy investorlardan biri hisoblanadi.

Valid Fuk 2016 yilda hokimiyatga kelganidan keyin boshlangan Shavkat Mirziyoev islohotlarini ijobiy baholaydi. Uning taʼkidlashicha, Oʼzbekiston hukumati ochiqlik hamda iqtisodiy va siyosiy liberallashuv yoʼnalishi uchun Frantsiya tomonidan «toʼliq qoʼllab-quvvatlash»ga ega. U aynan shu yoʼnalish Oʼzbekistonni Frantsiya va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashtirayotganini aytadi. Mintaqaviy darajada Fuk hozirgi davrni Markaziy Osiyoning «tarixiy barqarorlik» bosqichi deb ataydi. Uning fikricha, bu mintaqa oʼtgan oʼn yilliklar davomidagi nizolardan soʼng nisbatan tinch rivojlanish davriga kirgan. Shu bilan birga, Frantsiya va Yevropa Ittifoqi mintaqa davlatlarining hamkorlik va qoʼshma loyihalar orqali yaqinlashish intilishlarini qoʼllab-quvvatlashni xohlaydi. U global miqyosda kuchayib borayotgan inqirozlarga ham eʼtibor qaratadi: Rossiya–Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi mojaro va Аfgʼoniston–Pokiston ziddiyati kabi vaziyatlar shular jumlasidandir. Oʼz missiyasini u Oʼzbekiston va Markaziy Osiyo bilan munosabatlarda «ushbu tarixiy imkoniyatdan maksimal foyda olish» bilan bogʼlaydi.

Matnning frantsuz tilidagi asl nusxasi: Novastan, 20.06.2026.