O‘zbekiston Senati bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ma’qulladi

O‘zbekiston Senati binosi. dccgefest.com sayti fotosurati

O‘zbekiston Senati 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis (O‘zbekiston parlamenti) yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident qonunni imzolaganidan so‘ng, hujjat Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodekslariga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritadi.

Asosiy normaga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolani zo‘rlash uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi belgilanadi. Ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish uchun da’vo muddati qo‘llanilmaydi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyat holatida aybdorni shartli ravishda hukm qilish va shartli muddatidan ilgari ozod qilish taqiqlanadi.

Qonun, shuningdek, bolalarni himoya qilishning qo‘shimcha protsessual mexanizmlarini joriy etadi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan voyaga yetmaganlarga protsessual harakatlarga birinchi marta jalb qilingan paytdan boshlab bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchini so‘roq qilish jarayoni majburiy ravishda videoga yozib olinadi. Bu bolani bir necha marta so‘roq qilish natijasida qayta ruhiy jarohat olishining oldini olishga qaratilgan. Jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asosida o‘tkaziladi.

Shuningdek, ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilinadi. Senator Pokiza Ahmedjanovaning so‘zlariga ko‘ra, faqat 2025 yilning o‘zida ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan 122 ta zo‘ravonlik holati aniqlangan. Shundan 38 tasi bolalar bog‘chalarida, yana 84 tasi maktablarda sodir bo‘lgan.

Qonun bilan ota-onalarning bolalarga lozim darajada g‘amxo‘rlik qilmasligi, jinsiy ta’qib, nikoh yoshi talablarini buzish hamda bolalarni ularning salomatligiga zararli axborotdan himoya qilishni ta’minlamaslik uchun ma’muriy jazolar kuchaytiriladi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva muhokama jarayonida qonun shov-shuvli voqealardan so‘ng qabul qilinayotganini tan oldi va bolalarni himoya qilishda tizimli yondashuv zarurligini ta’kidladi.

«Biz har safar qandaydir voqea sodir bo‘lishini kutib, shundan keyingina chora ko‘rmasligimiz kerak. <…> Bu sodir bo‘lgan dahshatli voqeadan keyin ushbu qonunni qabul qilayotganimiz, vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, buni ertaroq qilish kerak bo‘lganini ham anglatadi », — deya «Gazeta.uz» senator so‘zlarini keltirgan.

Narbayeva zo‘ravonlikni bevosita sodir etgan shaxslarning harakatlarigina emas, balki mansabdor shaxslarning harakatsizligiga ham huquqiy baho berish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, Bosh prokuratura zo‘ravonlik haqidagi xabarlar ro‘yxatga olinmay qolishi yoki yashirilishi, tekshiruvlar esa sun’iy ravishda cho‘zilishi holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Qonunchilikni kuchaytirish masalasi Namangan viloyatida besh yoshli qizaloqni zo‘rlash bilan bog‘liq shov-shuvli ish fonida muhokama qilinmoqda. Gumonlanuvchi sifatida bolalar bog‘chasining xo‘jalik ishlari mudiri qo‘lga olingan. Unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi («14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash») bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, ishdagi gumonlanuvchining qarindoshlari jabrlangan qizaloqning ota-onasiga bosim o‘tkazgan va qizaloqning onasi arizasini qaytarib olishi uchun pul taklif qilgan.