Soʻnggi uch yil ichida Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishlarga 14 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi yuborildi. Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik esa davom ettiriladi, deya xabar beradi Markaziy Osiyo respublikasi hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.
Xususan, yaqin vaqt ichida xorijiy operatorlarning boʻlajak mavsum uchun nomzodlarni tanlab olish maqsadida Oʻzbekistonga tashrifi kutilmoqda. Ushbu mavzu Oʻzbekiston idorasi rahbariyati hamda Buyuk Britaniyaning Adolatli mehnat sharoitlarini taʼminlash agentligi (Fair Work Agency) vakillari ishtirokidagi videokonferensiyada muhokama qilindi.
Tomonlar mavsumiy ish bilan taʼminlashdan tashqari, oʻzaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari va qirollik hududida chet ellik ishchilarning huquqlarini himoya qilish jihatlarini koʻrib chiqdilar.
Jumladan, Britaniya idorasi vakillari xorijdan mavsumiy ishchilarni jalb qiluvchi operatorlar tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishi ustidan nazorat haqida batafsil soʻzlab berdilar. Oʻzbekistonlik rasmiylar esa, oʻz navbatida, Yevropaga ishlash uchun ketayotgan fuqarolar uchun Buyuk Britaniya mehnat qonunchiligi, tegishli shartnomalar va yashash sharoitlari boʻyicha joʻnab ketish oldidan mashgʻulotlar oʻtkazishni taklif qildilar.
Muzokaralarda mehnat migrantlarining huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida idoralar oʻrtasida amaliy axborot almashish muhimligi taʼkidlandi.
Fair Work Agency rahbarlarining tushuntirishicha, mavsumiy ishchilarni yollash tartibi va mamlakatlar boʻyicha qarorlarni davlat tuzilmalari emas, balki operatorlar qabul qiladi. Shu bois migratsiya agentliklari darajasidagi hamkorlik mexanizmi qoʻshimcha oʻrganishni talab etadi.
Shu bilan birga, muloqot ishtirokchilari hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumning yangilangan variantini koʻrib chiqib, hujjatni imzolashga tayyorgarlikni muhokama qildilar.
Oʻzbekiston vakillari, shuningdek, ingliz tilini biladigan oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari, muhandislar va boshqa malakali mutaxassislarni Britaniyada ish bilan taʼminlash istiqbollari masalasini koʻtardilar. Britaniya tomoni ushbu yoʻnalishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Kecha, 23 noyabr kuni Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini uyushgan holda ishga joylashtirish boʻyicha Avstraliyaning Shimoliy hududi rasmiylari bilan muzokaralar boshlagani xabar qilingandi. Xususan, ushbu davlat malakali mutaxassislarni, jumladan, neft-gaz sohasi uchun jalb qilishdan manfaatdor ekani maʼlum boʻldi.
Bugungi kunda oʻzbekistonlik mehnat migrantlari uchun eng ommabop yoʻnalish Rossiya boʻlib qolmoqda. Biroq ekspertlarning taʼkidlashicha, soʻnggi paytlarda migratsiya oqimlarining sezilarli darajada qayta taqsimlanishi kuzatilmoqda. Jumladan, MDH mamlakatlari ulushi kamayib, respublika fuqarolarining Yevropa va Sharqiy Osiyo davlatlaridagi ishtiroki ortib bormoqda.



