Oʻzbekistonlik deputatlar chet el armiyasida xizmat qilish va yollanish uchun jazoni yengil deb topdi

gazeta.uz saytidan olingan surat

Oʻzbekiston Oliy Majlisi (parlamenti) Qonunchilik palatasi mamlakat hukumatining boshqa davlatlar armiyasi va politsiyasida xizmat qilganlik uchun jazoni kuchaytirish toʻgʻrisidagi tashabbusini birinchi va ikkinchi oʻqishda maʼqulladi. Xususan, jarima va axloq tuzatish ishlarini haqiqiy qamoq jazosi bilan almashtirish nazarda tutilmoqda, deb xabar beradi «Gazeta.uz» quyi parlament palatasi matbuot xizmatiga tayangan holda.

Qonun loyihasida Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga («Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki boshqa shunga oʻxshash organlariga xizmatga kirish, yollanish») oʻzgartishlar kiritish koʻzda tutilgan.

Jumladan, ushbu moddaning armiya, huquqni muhofaza qilish organlari va shunga oʻxshash tuzilmalarda xizmat qilish haqidagi birinchi qismida uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud xuddi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni belgilash rejalashtirilmoqda. Hozirgi vaqtda bunday qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha — 132 mln soʻm (taxminan 11 ming dollar) miqdorida jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, respublika fuqarolarini xorijiy qurolli kuchlar safiga yollash (Jinoyat kodeksining oʻsha moddasi ikkinchi qismi) uchun ham jazoni kuchaytirish taklif qilinmoqda. Bu holatda uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklash muqobilisiz besh yildan oʻn yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirish tashabbusi ilgari surilgan.


Shu bilan birga, Oʻzbekiston Jinoyat kodeksida 154-modda («Yollanish») mavjud boʻlib, unga koʻra boshqa davlat tomonida qurolli toʻqnashuvda ishtirok etish besh yildan oʻn yilgacha koloniya jazosini nazarda tutadi. Biroq Jinoyat kodeksining mazkur moddasi normalari oʻzgartirilmaydi.

Yangiliklarning dolzarbligi haqida toʻxtalar ekan, deputat Saydullo Azimov soʻnggi yillarda oʻzbekistonliklarni xorijdagi qurolli mojarolarga jalb qilish holatlari koʻpayganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, faqat 2025 yilning oʻzida bu kabi jinoyatlar soni 12 barobar oshgan. Shunga qaramay, parlament vakili aniq statistik maʼlumotlarni keltirmadi va raqamlarni aynan qaysi davr bilan taqqoslaganiga aniqlik kiritmadi.

«Bu shunchaki ayrim fuqarolarning shaxsiy tanlovi yoki taqdiri bilan bog‘liq masala emas. Bu, avvalo, inson hayoti, fuqarolarimiz xavfsizligi, davlatimizning milliy manfaatlari va uning xalqaro maydondagi nufuziga daxldor jiddiy muammodir», — deya xulosa qildi Azimov.

Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun yana uch bosqichdan oʻtishi kerak: deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilinishi, Senat (parlament yuqori palatasi) tomonidan maʼqullanishi va mamlakat prezidenti tomonidan imzolanishi zarur.

Qoʻshimcha qilish joizki, oʻtgan yili Davlat xavfsizlik xizmati respublikada 2022 yildan 2025 yilning noyabriga qadar yollanish boʻyicha 338 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini koʻrsatuvchi statistikani eʼlon qilgan edi.