Tojikistonning yangi aviakompaniyasi Dushanbe va TBMV oʻrtasida muntazam parvozlarni yoʻlga qoʻydi

L-410 NG samolyoti avioaero.com saytidan olingan surat

Tojikistonning Shohin Airlines aviakompaniyasi Dushanbe va Togʻli Badaxshon muxtor viloyatining (TBMV) maʼmuriy markazi boʻlmish Xorugʻ oʻrtasida muntazam yoʻlovchi parvozlarini yoʻlga qoʻydi. Birinchi reys 23 noyabr kuni amalga oshirildi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».

Barqaror aviaqatnovlarning qayta tiklanishi Tojikistonning borish eng qiyin boʻlgan hududlaridan biri boʻlgan TBMV uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Viloyat hududining katta qismini Pomir baland togʻlari egallagan. Mamlakatning qolgan qismi bilan temiryoʻl aloqasi mavjud emas, Dushanbedan Xorugʻga olib boruvchi avtomobil yoʻli esa togʻ dovonlari va daralari orqali oʻtadi. Yoʻl 12–15 soat vaqt oladi, qor yogʻishi, qor koʻchkilari, tosh tushishi va sellar esa vaqti-vaqti bilan yoʻlning yopilishiga va hudud aholi punktlarining respublikaning qolgan qismidan uzilib qolishiga sabab boʻladi.

Parvozlar Chexiyada ishlab chiqarilgan va «Badaxshon» nomini olgan 19 oʻrinli L-410 NG samolyotida amalga oshirilmoqda. Parvoz davomiyligi 55 daqiqani tashkil etadi.

Bir tomonga chipta narxi 1000 somonini (taxminan 108 dollar) tashkil etadi. Navbatdagi reyslar 25 va 26 noyabr kunlariga moʻljallangan, biroq ularning amalga oshirilishi ob-havo sharoitiga bogʻliq boʻladi. Taqqoslash uchun: 2024 yilning oktyabr oyida «Tadjik Eyr» aviakompaniyasi Dushanbe va Xorugʻ oʻrtasida 17 oʻrinli An-28 samolyotida parvozlarni qayta yoʻlga qoʻygan paytda chipta narxi 900 somoni, yoʻl vaqti esa 1 soat 10 daqiqa boʻlgan edi.

Kelgusida Shohin Airlines respublika poytaxti hamda Xoʻjand, Boxtar va Koʻlob shaharlari oʻrtasida ham muntazam aviaqatnovni yoʻlga qoʻyish niyatida.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon aynan yangi L-410 NG bortida 27 sentyabr kuni Xorugʻga amaliy tashrif bilan kelgan edi. Safar davomida davlat rahbariga TBMVda umumiy uzunligi 358 kilometr boʻlgan avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha oltita loyiha taqdim etildi.

Qayd etish joiz, Togʻli Badaxshonning transport jihatidan uzilib qolganligi nafaqat viloyatning iqtisodiy rivojlanishiga, balki uning sayyohlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga ham toʻsqinlik qiladi. Pomir xorijiy sayyohlarni alpinizm, togʻ va ekologik turizm imkoniyatlari bilan jalb etadi. Biroq murakkab logistika sayyohlar oqimini cheklaydi, transport qatnovidagi uzilishlar esa aholini oziq-ovqat, yoqilgʻi va boshqa tovarlar bilan taʼminlashni qiyinlashtiradi.