Afgʻoniston savdo oqimlarini Pokistondan Eron va Markaziy Osiyoga yoʻnaltirdi

Oʻzbek-afgʻon chegarasi Foto: DW.com

Afgʻoniston importida Markaziy Osiyo transport yoʻlaklarining ulushi bir yil ichida 27,2 foizdan 42,2 foizgacha oshdi, Pokiston yoʻnalishining ulushi esa 20,1 foizdan 0,3 foizgacha qisqardi. Bu haqda Jahon bankining Afgʻoniston iqtisodiyoti holatiga doir noyabr oyidagi hisobotida keltirilgan maʼlumotlar dalolat bermoqda.

2025 yilning oktabrida Pokiston bilan chegara yopilganidan soʻng, afgʻonistonlik importchilarga yuk oqimlarini boshqa yoʻnalishga burish uchun qariyb ikki oy vaqt kerak boʻldi. 2026 yilning aprel-sentabr oylarida Markaziy Osiyo orqali olib kirilgan tovarlar qiymati oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,02 milliard dollarga oshdi. Ayni paytda Afgʻoniston importining 97 foizi Markaziy Osiyo va Eron yoʻnalishlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Yoʻnalishlarning oʻzgarishi afgʻonistonlik eksportchilar uchun unchalik muvaffaqiyatli kechmadi. Agar qayd etilgan olti oy davomida import hajmi qiymat jihatidan 2,2 foizga oshib, 6,6 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, eksport 15,1 foizga qisqarib, 667 million dollarga tushib ketdi. Ayniqsa, mahsulotlarini uzoq masofalarga tashish iqtisodiy jihatdan zararli boʻlib chiqqan hoʻl meva-sabzavot yetishtiruvchilar katta qiyinchiliklarga duch keldi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo orqali eksport qilinadigan tovarlar qiymati ikki baravardan ziyod oshib, 210 million dollarga yetdi. Xususan, ushbu yoʻnalishlar orqali taralgan paxta yetkazib berish hajmi 21 million dollardan 94 million dollargacha koʻpaydi. Shuningdek, quruq meva va zaʼfaron ishlab chiqaruvchilar ham muqobil bozorlarni topishga muvaffaq boʻldilar.

Jahon banki ekspertlari Afgʻonistonning cheklangan miqdordagi transport yoʻlaklariga qaram boʻlib qolishi mamlakat iqtisodiyoti uchun qoʻshimcha xatarlarni keltirib chiqarishini qayd etmoqda.

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari Afgʻonistonda hokimiyat tepasiga kelgan «Tolibon» bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirmoqda. Qozogʻiston va Qirgʻiziston «Tolibon» harakatini taqiqlangan tashkilotlar milliy roʻyxatidan chiqardi, Oʻzbekiston va Turkmaniston esa Kobul bilan transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirmoqda. Bundan tashqari, mintaqa respublikalari Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun Afgʻoniston hududidan foydalanishdan manfaatdor.

Eng yirik qoʻshma logistika loyihalaridan biri Markaziy Osiyoni Pokiston dengiz portlari bilan bogʻlash имkonini beruvchi Transafgʻon temir yoʻli qurilishi hisoblanadi. Shuningdek, Qozogʻiston turkman-afgʻon chegarasidagi Turgʻundi bekatidan Hirotgacha temir yoʻl qurilishiga qiziqish bildirib, tegishli infratuzilmani rivojlantirishga 500 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini maʼlum qildi.

Afgʻonistonning Xitoy bilan transport aloqalari ham rivojlanib bormoqda. 2026 yil may oyida Xitoydan Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Turkmaniston orqali Hirotga multimodal yoʻnalish boʻylab sinov yuk tashuvlari boshlandi. Oktabr oyida «Fargʻona» xabar berganidek, Xitoy tovarlarini Qozogʻiston va Oʻzbekiston orqali Afgʻonistonning Balx viloyatiga yetkazib berish boʻyicha yangi temir yoʻl yoʻnalishi taqdim etildi. Qurilayotgan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli esa amirlikning Xitoy bilan savdosi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.