Qozogʻiston 2027 yilda 3G tarmogʻidan butunlay voz kechadi — operatorlar narxlar oshishini eʼlon qildi

smartnews.kz saytidan olingan surat

Qozogʻiston 2027 yil oxirigacha 3G tarmoqlarini butunlay oʻchirishni rejalashtirmoqda. Ularning oʻrniga operatorlar 4G va 5G qamrovini rivojlantiradi. Bu haqda respublika Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev maʼlum qildi, deb xabar bermoqda LS.

Madiyevning soʻzlariga koʻra, yaqin uch yil ichida telekommunikatsiya sohasiga yoʻnaltiriladigan investitsiyalar hajmi 1,3 trln tengedan (2,8 mlrd dollar) oshadi. Shundan kamida 500 mlrd tengesi (1 mlrd dollar) joriy yilda kutilmoqda.

«Bugungi kunda qishloqlarni mobil internet bilan umumiy qamrab olish darajasi 84 foizni tashkil etmoqda. 3G bazaviy stansiyalarini 4G darajasigacha modernizatsiya qilmoqdamiz. Shuningdek, shahar va qishloqlarda 5G qamrovi kengaymoqda. 2027 yil oxiriga borib 3G tarmogʻidan butunlay voz kechishni rejalashtiryapmiz. Ushbu muddatgacha 4G tarmogʻi 5,2 ming qishloqni, 5G esa 70 ta shahar va 300 ta qishloqni qamrab olishi kerak. Mobil internet mamlakatdagi qishloqlarning 92 foizida mavjud boʻladi», — deya maʼlum qildi vazir.

Buning uchun, uning taʼkidlashicha, hokimliklar (mahalliy maʼmuriyatlar) bazaviy stansiyalar uchun oʻz vaqtida yer ajratishi va maydonchalarga elektr energiyasini yetkazib berishi lozim. Bu operatorlarga mobil aloqa qamrovini tezroq kengaytirish imkonini beradi.

Hukumatning keng koʻlamli rejalariga qaramay, Qozogʻistonda hali ham mobil aloqa beqaror ishlaydigan yoki umuman mavjud boʻlmagan hududlar saqlanib qolmoqda. 2024–2025 yillarda 1052 ta «oq dogʻ» deb atalgan hudud aniqlangan boʻlib, ulardan 213 ta nuqta hozirgacha muammoli boʻlib turibdi. 2026 yildagi rejali oʻlchovlar davomida yana 289 ta shunday uchastka topildi, ulardan 70 tasida muammo bartaraf etildi. Madiyev hududlar faqat qayta tekshiruv oʻtkazilganidan soʻng «oq dogʻlar» roʻyxatidan chiqarilishini taʼkidladi.

Bundan tashqari, uning soʻzlariga koʻra, 2027 yilda Qozogʻiston bozoriga Shanghai Spacecom Satellite Technology va Amazon LEO sunʼiy yoʻldosh kompaniyalari kirib keladi.

«Qozogʻiston Markaziy Osiyoda barcha toʻrt operator oʻz yer usti stansiyalarini joylashtiradigan birinchi davlatga aylanadi va bu milliy xavfsizlik talablariga toʻliq mos keladi», — dedi vazir.

Infratuzilmaga yirik investitsiyalar kiritilishi fonida mobil operatorlar tariflar narxini qayta koʻrib chiqish niyatida ekanini bildirdi. Kompaniya vakillari buni elektr energiyasi, uskunalar va tarmoqni rivojlantirish xarajatlari oshgani bilan izohlamoqda.

«KaR-Tel» bosh ijrochi direktori Jabbor Qayumov Beeline 2026 yilda tariflarni oʻrtacha 10 foizga oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻzgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va barcha abonentlarga bir vaqtda taʼsir qilmaydi.

Kcell boshqaruvi raisi Asqar Jambakin ham narxlar oʻrtacha 10-12 foizga oʻzgarishi rejalashtirilayotganini aytdi. U kompaniya investitsiyalari oʻzini oqlashi kerakligini, elektr energiyasi va uskunalar uchun xarajatlar esa oʻsishda davom etayotganini taʼkidladi.

«Mobayl Telekom-Servis» rahbari Aleksandr Babichev 2027 yilda ayrim tarif rejalari boʻyicha narx oshishi taxminan 10 foizni tashkil etishi, ammo 15 foizdan oshmasligini maʼlum qildi.

Vazir Jaslan Madiyev operatorlarning rejalariga izoh berar ekan, raqobat qoidalariga rioya etilishini Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi nazorat qilishini eslatdi. Uning taʼkidlashicha, narx boʻyicha til biriktirish alomatlari sezilsa, mazkur idora jarayonga aralashishi mumkin.