«Oʻzbekfilm» milliy kinokompaniyasiga kartinalar ishlab chiqarishda sunʼiy intellektni (SI) keng joriy etish topshirildi. Shu munosabat bilan tashkilot Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2028 yilgacha SI modellari uchun mamlakat tarixi, madaniyati va vizual merosi boʻyicha maʼlumotlar bazasini toʻplaydi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kinoindustriya sohasidagi islohotlar toʻgʻrisidagi farmonida nazarda tutilgan, deb xabar beradi Spot.uz.
Maʼlumotlar bazasini yaratish loyihasini amalga oshirish maqsadida «Oʻzbekfilm» qoshida maxsus laboratoriya — O’zbekfilm AI Lab tashkil etiladi. Bu yerda boshqa yoʻnalishlar qatorida SI boʻyicha mutaxassislar ham tayyorlanadi. Raqamli texnologiyalar vazirligi zimmasiga esa eng iqtidorli yoshlarni har yili xorijga malaka oshirishga yuborish vazifasi yuklandi.
Bundan tashqari, hujjatda qayd etilishicha, President AI Award tanlovida hamda Toshkent xalqaro kinofestivali dasturida sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida yaratilgan filmlar uchun alohida nominatsiyalar joriy qilinadi.
Prezident farmonida sohadagi boshqa islohotlar ham oʻrin olgan. Xususan, 2028 yil 1 yanvarga qadar «Oʻzbekfilm» kinoasarlarning milliy onlayn-platformasini ishga tushirishi lozim. Ushbu saytga davlat mablagʻlari hisobidan yaratilgan barcha filmlar va arxivlarda saqlanayotgan kinematografiya merosi obyektlari majburiy tartibda joylashtiriladi. Xususiy kinostudiyalar va mustaqil rejissyorlarning lentalari ham faqat alohida shartnomalar asosida mazkur veb-resursda taqdim etilishi mumkin.
2028 yil boshidan mamlakatda Yagona kinochiptalar axborot tizimi faoliyat yurita boshlaydi. Unga barcha kinoteatrlar va filmlar namoyishini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar ulanadi. Shu tariqa, har bir seans, sotilgan chiptalar soni va kassa tushumlari boʻyicha maʼlumotlar real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan tarzda almashinishi taʼminlanadi.
Shu bilan birga, tegishli idoralar va kompaniyalarga Oʻzbekiston kino sohasi vakillari palatasini tashkil etish topshirildi. Toshkentda bolalar kinoijodiyoti maktabi va platformasini ochish rejalashtirilmoqda, respublika Fanlar akademiyasining Sanʼatshunoslik instituti hamda bir guruh tajribali kinoijodkorlar ishtirokida esa kinoshunoslar klubi tashkil etiladi.
Prezident farmonida keltirilishicha, ayrim filmlarga «Umummilliy kinoloyihalar» maqomi berila boshlaydi. Xususan, gap alohida ahamiyatga ega, milliy yuksalish gʻoyasiga bagʻishlangan hamda Oʻzbekistonning boy tarixi va zamonaviy yutuqlarini jahon ekranlarida namoyon etishga qaratilgan kartinalar haqida bormoqda.



