Onlayndagi Afg‘oniston taqdiri

Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

Qobul qulaganidan besh yil o‘tib, toliblarga qarshi qurolli qarshilik harakati Panjsher vodiysidan ancha tashqariga yoyildi. Biroq hanuzgacha yagona qarshilik harakati shakllanmadi. Muxolifat vakillarining ayrimlari muzokaralar o‘tkazishni taklif qilsa, boshqalari erkin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda. Kimdir shimolda yakka holda qurolli kurashni davom ettirmoqda, yana kimdir pushtunlar istiqomat qiladigan janubda yangi front ochishga urinmoqda.

Toliblarga qarshi muxolifatning asosiy vakillari bir nechta. Ahmad Mas’ud — tojik, afsonaviy qo‘mondon Ahmadshoh Mas’udning o‘g‘li va Milliy qarshilik fronti (NRF) rahbari. Yosin Ziyo — Afg‘oniston armiyasining sobiq Bosh shtabi boshlig‘i, mamlakatning tojiklar istiqomat qiladigan shimoli-sharqiy hududidan chiqqan. U 2022 yil mart oyidan buyon Afg‘oniston Ozodlik fronti (AFF)ga rahbarlik qilib kelmoqda. Marshal Abdul Rashid Do‘stum — Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti, afg‘onistonlik o‘zbeklarning asosiy siyosiy yetakchilaridan biri va «Junbish-ye Milliy» («Afg‘oniston Milliy Islomiy Harakati») partiyasi rahbari. Muhammad Muhaqqiq — hazora va Afg‘oniston Xalqining Islomiy Birlik partiyasi rahbari. Sami Sadat — pushtun, Afg‘oniston Islom Respublikasi armiyasining sobiq generali va Afg‘oniston Birlashgan Fronti (AUF) asoschisi.

KabulNow nashri xabar berishicha, 2026 yil 13 sentyabr kuni Mas’ud, Ziyo, Do‘stum va Muhaqqiq boshqa bir qator muxolifat siyosatchilari bilan birga Ahmadshoh Mas’ud o‘ldirilganining 25 yilligi va Afg‘onistonning sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniy halok bo‘lganining 15 yilligiga bag‘ishlangan «shahidlar haftaligi» doirasida onlayn uchrashuv o‘tkazgan. Suhbat juda tez orada o‘tmish haqidagi xotiralardan mamlakat kelajagi borasidagi bahsga aylangan.

Mas’ud toliblarning hozirgi hokimiyatini noqonuniy deb atagan. Biroq u, agar toliblarning oliy rahbari qonuniy saylovlarda g‘alaba qozonsa, hatto Haybatulla Oxundzodani ham prezident sifatida tan olishga tayyorligini bildirdi. Ziyo esa hozirgi sharoitda toliblar bilan tinchlik va muzokaralarni rad etib, siyosiy hokimiyat Afg‘oniston xalqiga topshirilguniga qadar qurolli kurash davom etishini ma’lum qildi. Do‘stum, aksincha, yangi qon to‘kilishining oldini olish uchun toliblarni muzokaralarga rozi bo‘lishga chaqirdi. Muhaqqiq hazoralar va shialarning ahvoli haqida gapirdi, AQSH va “Tolibon”ni 2021 yildagi «sharmandali til biriktirish»da aybladi hamda tashqi kuchlarni Kobuldagi hokimiyatni mustahkamlamaslikka chaqirdi. Abdul Rasul Sayyof esa masalani aniq ifodaladi: muzokaralar yoki urush.

Uchrashuvda Sadat ishtirok etmadi. Biroq aynan uning fronti 2026 yil yozida paydo bo‘lishi qarshilik harakatining geografiyasini sezilarli darajada o‘zgartirdi: Respublika armiyasining sobiq generali boshchiligidagi tashkilot mamlakatning pushtunlar istiqomat qiladigan janubida — Qandahor va Hilmand viloyatlarida operatsiyalar o‘tkazayotganini ma’lum qila boshladi.

Bularning barchasi muxolifatning qurolli faolligi kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda. Toliblarga qarshi guruhlar 2026 yil 1 maydan 31 iyulgacha bo‘lgan davrda 21 ta viloyatda 88 ta hujum amalga oshirilganini ma’lum qildi. BMT ularning 55 tasini tasdiqlagan, xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalarning umumiy soni esa yillik hisobda 11 foizga oshgan. Bu BMT bosh kotibining hisobotidan kelib chiqadi. Shu bilan birga, BMTning xulosasi ehtiyotkorona: frontlar parokanda, asosan mahalliy miqyosda harakat qilmoqda va hozircha toliblarning mamlakat ustidan nazoratiga jiddiy tahdid solmayapti.

Abdul Rashid Do‘stum. Uning ijtimoiy tarmoqlaridagi fotosurati

Do‘stum: avvalgi Toshkentsiz muzokaralar

Do‘stum qirq yildan ortiq vaqtdan beri urushlarda qatnashib kelayotgan Afg‘oniston siyosatining faol ishtirokchisidir. 1990 yillarda uning «Junbish» harakati mamlakat shimolining katta qismini nazorat qilgan va toliblarga qarshi kurashgan asosiy kuchlardan biri bo‘lgan.

O‘sha paytda Do‘stum ortida O‘zbekiston turgandi. 1998 yil avgust oyida Mozori Sharif qulaguniga qadar Toshkent uning kuchlarini qurol-yarog‘, o‘q-dori va yoqilg‘i bilan ta’minlagan, yirik harbiy havo bazasi joylashgan Termiz esa asosiy tranzit nuqtasi vazifasini bajargan. Bu haqda Human Rights Watch tashkiloti o‘sha vaqtdagi «Crisis of Impunity» nomli hisobotida hujjatli ma’lumot keltirgan.

O‘zbekiston uchun Do‘stum, avvalo, Afg‘onistonning O‘zbekiston chegarasiga yaqin shimoliy hududlarini nazorat qilayotgan ittifoqchisi edi. Shveysariyaning tahliliy tashkiloti ACAPS O‘zbekistonning Afg‘onistonga yordami haqidagi sharhida ta’kidlashicha, qo‘llab-quvvatlash bir vaqtning o‘zida etnik aloqalarga va Toshkentning Afg‘oniston shimolida ishonchli kuchga ega bo‘lish istagiga asoslangan.

Bugun esa bu tizim mavjud emas.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekiston Afg‘oniston siyosatini bosqichma-bosqich o‘zgartirdi. Toshkent toliblar bilan aloqalarini kengaytirdi, savdo, infratuzilma va diplomatik hamkorlikka urg‘u berdi hamda Do‘stumga avvalgi ko‘rsatilgan yordamni qisqartirdi.

2026 yilga kelib, bu munosabatlarning iqtisodiy ko‘lami ayniqsa sezilarli bo‘ldi. Yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan tovar aylanmasi qariyb 1,1 milliard dollarga yetdi. Afg‘oniston respublika tashqi savdo hamkorlari orasida faxrli o‘rinni egalladi: u Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan keyin beshinchi o‘rinda bormoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Do‘stumning 13 sentyabrdagi pozitsiyasi diqqatga sazovor. U toliblarni tarqoq to‘qnashuvlar keyinchalik nazorat qilish qiyin bo‘lgan vaziyatga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi, qurolli frontlar soni ko‘payishini bashorat qildi, biroq shu bilan birga muzokaralarga chaqirdi va delegatsiya yuborishga tayyorligini bildirdi.

Bu qurolli bosimdan voz kechilganini anglatmaydi. NRFning nufuzli qo‘mondoni Hosib Panjshiriy 2026 yil 19 avgust kuni Parvon viloyatining Salang tumanida o‘ldirilganidan so‘ng, Do‘stum «qarshilik olovi» so‘nmasligini aytdi, deb xabar bergan AtlasPress agentligi. 2024 yilda esa u hatto surgundagi hukumat tuzishni taklif qilgan edi.

Biroq, Do‘stumning avvalgi tayanchi endi yo‘q. U Turkiyada yashaydi, ammo Anqarani 1990 yillardagi Toshkentning o‘rnini bosuvchi kuch deb hisoblash qiyin. 2024 yil iyul oyida Turkiya hukumati «Junbish» bilan bog‘liq besh nafar qo‘mondonni qo‘lga olgan va ularni Istanbuldagi deportatsiya markaziga o‘tkazgan. Bu haqda o‘sha paytda Afghanistan International xabar bergandi.

Hozirgi Toshkent Do‘stumni muzokaralarga undayotganiga oid ochiq manbalarda tasdiqlangan dalillar yo‘q. Biroq eng muhimi — sharoitning o‘zi o‘zgargan: bir vaqtlar Termiz orqali uning qo‘shinlarini ta’minlagan davlat bugun Kobuldagi hokimiyat bilan bevosita munosabatlar o‘rnatmoqda.

Mas’ud va Ziyo: Dushanbe va tojik qarshiligining ikki yo‘nalishi

Tojik muxolifat qismida vaziyat boshqacha. Ahmad Mas’ud Milliy qarshilik frontiga rahbarlik qiladi. Uning otasi Ahmadshoh Mas’ud «Shimoliy ittifoq»ning asosiy harbiy rahbarlaridan biri va Afg‘onistonning shimoli-sharqida toliblarning eng mashhur raqibi bo‘lgandi.

Ahmad Ma’sud. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

2021 yil avgust oyida Qobul qulaganida, Mas’ud kichik boshqa bir qator toliblarga qarshi kuchlar bilan birgalikda Panjsherda qarshilik harakatini tashkil etishga uringandi. Viloyatning asosiy hududlarini toliblar o‘sha yilning sentyabr oyidayoq egallab olgandi. Shundan so‘ng Milliy qarshilik fronti (NRF) partizanlik amaliyotlariga o‘tdi.

Bugun u bilan bir qatorda yana bir yirik qurolli tuzilma — Yosin Ziyo tomonidan 2022 yil mart oyida tashkil etilgan Afg‘oniston Ozodlik fronti faoliyat yuritmoqda. Ziyo 2020–2021 yillarda Afg‘oniston armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i bo‘lgan va bir muddat Mudofaa vaziri vazifasini bajargan. Respublika hukumati qulaganidan so‘ng u o‘z frontiga rahbarlik qilgan.

Aynan shu yerda ularning pozitsiyalaridagi farqlar namoyon bo‘ladi. Mas’ud siyosiy dasturini saylovlar va xalq irodasi atrofida shakllantiradi: 13 sentyabr kuni u hatto toliblar yetakchisining g‘alabasini ham, agar u qonuniy ovoz berish orqali hokimiyatni qo‘lga kiritsa, qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Shu bilan birga, NRF qurolli kurashni to‘xtatmayapti.

Ziyo esa ancha keskin pozitsiyani egallagan. O‘sha uchrashuvda u hozirgi sharoitda toliblar bilan muzokaralarni rad etdi va hokimiyat Afg‘oniston xalqiga topshirilguniga qadar qurolli kurash davom etishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, har ikki tashkilot ham o‘zaro hamkorlik nuqtalarini izlamoqda. 2026 yil 4 sentyabrda NRF va AFF Buyuk Britaniyada «Cambridge Afghanistan Series»ning beshinchi davrasida ishtirok etdi. Unda toliblarga qarshi kuchlar vakillari siyosiy, fuqarolik va qurolli guruhlarning umumiy platformasini yaratishga chaqirdi, deb yozadi Afghanistan International.

Mas’ud uchun Tojikiston muhim ahamiyatga ega. Bu aloqaning tarixiy ildizlari bor: 1990 yillarda Dushanbe uning otasi bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlagan, Ahmadshoh Mas’ud kuchlari esa Tojikiston hududidan tashqi tayanch nuqtalaridan biri sifatida foydalangan.

Panjsher qulaganidan so‘ng Mas’ud kichik ham Tojikiston bilan yaqin aloqada bo‘ldi va Dushanbe uning siyosiy faoliyati uchun asosiy maydonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq, Tojikistonning roli toliblarning birinchi hukmronlik davridagiday emas. Tojikiston hukumati bir vaqtning o‘zida Afg‘oniston muxolifati bilan aloqalarni saqlab, Kobul bilan ham muloqot qilmoqda va qurolli mojaroning chegara orqali tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda.

Ziyoning Dushanbe bilan aloqasi esa yanada noaniq. Tojikiston Afg‘oniston Ozodlik frontiga o‘zining harbiy yoki siyosiy tayanchini taqdim etayotganini tasdiqlovchi ochiq ma’lumotlar yo‘q. Shuning uchun Mas’ud va Ziyoni yagona «Dushanbe fronti»ga birlashtirish noto‘g‘ri bo‘ladi. Biroq har ikki yetakchi ham Afg‘onistondagi eng yirik etnik guruhlardan biriga tayanayotganini unutmaslik kerak.

Hazarolar: o‘z kun tartibi va qarshilik ko‘rsatish uchun o‘z sabablariga ega

Muhammad Moxaqqiq. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Alohida yo‘nalish bu — hazoralar yo‘nalishi. 13 sentyabrdagi uchrashuvda unga so‘nggi o‘n yilliklardagi eng mashhur hazora siyosatchilaridan biri va Afg‘oniston Xalqining Islomiy Birlik partiyasi rahbari Muhammad Muhaqqiq vakillik qildi.

Toliblarning birinchi hukmronligi davrida hazora kuchlari Ahmadshoh Mas’udning tojik guruhlari va Do‘stumning o‘zbek otryadlari bilan birgalikda toliblarga qarshi umumiy koalitsiya tarkibiga kirgan. Hozir esa Muhaqqiq atrofida shunga teng mustaqil hazora qurolli fronti mavjud emas.

Biroq, hazora muxolifatida hozirgi hokimiyat bilan ziddiyatga kirishish uchun o‘z sababi bor. Uchrashuvda Muhaqqiq, avvalo, hazoralar va shialarning ahvoli haqida gapirdi, «jihod va qarshilik»ka qaytishga chaqirdi hamda xalqaro hamjamiyatni afg‘onlar manfaatlari hisobiga toliblar bilan kelishuvlar tuzmaslikka da’vat qildi.

Inson huquqlari himoyachilari hazora va shialar jamoalariga nisbatan bosim holatlarini qayd etadi. Human Rights Watch tashkiloti o‘zining jahon hisobotida qayd etishicha, 2025 yil 27 iyul kuni toliblar hokimiyati Bomiyon viloyatining Panjob tumanidagi Rashk qishlog‘idan 25 ta hazora oilasini — ayollar, bolalar va keksalarni ham qo‘shganda qariyb 200 kishini — majburan ko‘chirib yuborgan. Shu yilning o‘zida Bomiyondagi mahalliy hokimiyat shialarga oid diniy adabiyotlarni tarqatish va shialarning diniy marosimlarini o‘tkazishni cheklagan. Shuning uchun hazoralar yo‘nalishi umumiy muxolifat tarkibida alohida mavjud: uning o‘z siyosiy yetakchilari va ichki kun tartibi bor, ammo hozircha NRF yoki AFF miqyosidagi yirik qurolli tuzilmaga ega emas.

Sadat: pushtun generali janubga yo‘l olmoqda

Bu tuzilmadagi eng yangi figura — Sami Sadat. 2020–2021 yillarda u Hilmanddagi 215-«Mayvand» korpusiga qo‘mondonlik qilgan va 2021 yil yozida Lashkargoh mudofaasida ishtirok etgan. Keyinchalik u maxsus operatsiyalar korpusi va Qobul xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan, 2021 yil iyul oyida esa Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U Afg‘onistondan britanlar yordamida chiqib ketgan, Yevropada yashagan, hozir esa AQSHda istiqomat qiladi.

2023 yil oktyabr oyida Sadat Afg‘oniston Birlashgan Frontiga rahbar bo‘lgan. Bir necha yil davomida bu tuzilma asosan siyosiy loyiha sifatida faoliyat yuritgan, biroq 2026 yil yozida qurolli operatsiyalarni boshlaganini ma’lum qilgan.

Sami Sadat. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Front birinchi hujum haqida 2026 yil 1 avgust kuni Qandahor viloyatida xabar berdi va ikki nafar tolib o‘ldirilganini ma’lum qildi. Keyin esa Lashkargohda zarba berilgani haqida xabar tarqatdi. 6 avgust kuni AUF «Muhorib» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi va Qandahor — Spinbuldak avtomobil yo‘lida hujumlar uyushtirilganini ma’lum qildi. 1 sentyabrga kelib, front bir oy davomida 14 ta viloyatda kamida 43 ta operatsiya o‘tkazganini, ular davomida 74 nafar tolib o‘ldirilgani va 35 nafari yaralanganini ta’kidladi. Bu raqamlarni mustaqil ravishda tekshirish imkoni yo‘q, shuning uchun gap aynan AUF bayonotlari haqida bormoqda.

Biroq, bu yerda Sadat nafaqat bildirilgan hujumlar soni bilan ahamiyatli. U pushtun bo‘lib, uning tashkiloti dastlab asosiy faoliyatini Qandahor va Hilmandda — tarixan toliblar bilan bog‘liq bo‘lgan pushtunlar janubida jamladi. 2021 yildan keyin “Tolibon”ga qarshi qurolli qarshilik, avvalo, Panjsher, Badaxshon va shimol hamda shimoli-sharqning boshqa hududlari bilan bog‘langan edi.

Pushtunlar ham NRF, ham Afg‘oniston Ozodlik fronti safida jang qilmoqda, shuning uchun bu tashkilotlarni etnik jihatdan bir xil deb bo‘lmaydi. Biroq, Respublika armiyasining mashhur pushtun generali boshchiligida alohida frontning paydo bo‘lishi qarshilik harakati manzarasini avvalgi shimoliy modeldan ancha kengaytirdi.

Yana bir o‘ziga xos jihat bor. Sadat Shimoliy ittifoqning siyosiy elitalari bilan emas, balki ag‘darilgan Afg‘oniston Islom Respublikasining armiyasi bilan bog‘liq. Shuning uchun uning loyihasi ramziy jihatdan ham boshqacha: u Respublika davrining uch rangli bayrog‘i ostida harakat qiladi va sobiq harbiy xizmatchilar hamda kuch tuzilmalari vakillariga murojaat qiladi.

Bir necha yil avval Panjsher bilan ittifoq tuzish imkoniyati muhokama qilingan edi. Sadatning aytishicha, Qobul qulaganidan keyin u Mas’udga birlashishni taklif qilgan, biroq tomonlar, jumladan, Respublika siyosiy merosi va qarshilik harakatining ramzlariga munosabat masalasida ham kelisha olmagan.

Yana bir jihat diqqatga sazovor: 13 sentyabrdagi muxolifatning umumiy uchrashuvida Sadat ishtirok etmadi va ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, unda na AUF, na generalning o‘zi muhokama qilingan.

Qarshilik kengaydi, ammo birlashmadi

Besh yil avval toliblarga qarshi qurolli qarshilik deyarli avtomatik ravishda Panjsher bilan bog‘lanar edi. Endi manzara ancha murakkab.

Do‘stum Afg‘oniston muxolifatining o‘zbeklar qismidagi asosiy yetakchilardan biri bo‘lib qolmoqda, biroq Toshkentning avvalgi tayanchidan mahrum bo‘lgan va muzokaralar haqida gapirmoqda. Mas’ud qurolli kurashni davom ettirgan holda, saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda. Ziyo hozirgi sharoitda muzokaralarni rad etmoqda. Muhaqqiq hazoralarning siyosiy yo‘nalishini ifodaydi. Sadat esa pushtunlar janubida o‘z mavqeini mustahkamlashga urinmoqda.

Yana kichikroq guruhlar ham paydo bo‘lmoqda. 2026 yil 17 iyul kuni 20–25 kishidan iborat «Sepohiyon-ye Mihan» («Vatan askarlari») otryadi Badaxshon viloyatining Yaftali-Sufla (Yaftal-ye Poin) tumanidagi ma’muriy binolarni qisqa muddatga egallab oldi. Bu toliblarga qarshi kuchlar tomonidan 2021 yildan beri tuman markazini egallab olingani haqida bildirilgan birinchi holat bo‘ldi va “Tolibon” harakati bayonotidan so‘ng tasdiqlandi. Afg‘oniston Ozodlik fronti ham shu oyda Zebakda janglar bo‘lgani haqida xabar berdi. BMT bu voqealarni qurolli muxolifat faolligining umumiy o‘sishi doirasida ko‘rib chiqmoqda.

Biroq frontlarning soni, jangchilarning miqdori va ularning Afg‘oniston ichidagi haqiqiy huzur ko‘lamini ko‘p hollarda aniqlash imkonsiz. Hujumlar haqidagi ma’lumotlarning katta qismi guruhlarning o‘zlaridan kelib tushmoqda.

Toliblar hamon mamlakat hududi va davlat apparatini nazorat qilmoqda. BMT bosh kotibining hisobotida muxolifat guruhlari parokanda bo‘lib qolayotgani va ularning operatsiyalari hozircha bu nazoratga jiddiy putur yetkazmayotgani ochiq qayd etilgan.

Tashqi muhit ham o‘zgardi. 1990 yillarda toliblarga qarshi urush bir vaqtning o‘zida afg‘on qurolli guruhlarining kurashi va o‘z ittifoqchilarini qurol-yarog‘, mablag‘ va hudud bilan ta’minlagan qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi raqobat ham edi.

Bugun Do‘stumning avvalgi Toshkenti yo‘q. Mas’udning Dushanbe bilan munosabatlari chorak asr avval uning otasining Tojikiston bilan aloqalariga qaraganda ancha ehtiyotkorona. Sadat AQSHda bo‘lib, Vashington va NATOdan siyosiy qo‘llab-quvvatlash so‘ragan, biroq uning frontiga AQSH tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatilayotganini tasdiqlovchi dalillar yo‘q.

Qurolli guruhlar soni ko‘paygdi Ular operatsiya o‘tkazayotgan hududlar ham kengaydi. Biroq, asosiy bo‘linish hanuz saqlanib qolmoqda: toliblarga qarshi kuchlar mavjud hokimiyatni qaysi yo‘l bilan o‘zgartirish — muzokaralar, saylovlar yoki urush orqali — degan savolga hali ham umumiy javobga ega emas.