Hindiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Randhir Jaysval O‘zbekistonda tibbiy ta’lim olayotgan talabalar soni kamaygani haqidagi ma’lumotlarga izoh berar ekan, yoshlarga Markaziy Osiyodagi mazkur davlat oliygohlarini sinchiklab tanlashni tavsiya qildi. Mulozim, shuningdek, abituriyentlarni vositachi va maslahatchilar xizmatidan foydalanmaslikka chaqirdi, deb xabar beradi The New Indian Express nashri.
TIV vakilining ta’kidlashicha, Hindiston ta’lim dasturlari bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Biroq talabalar oliy ta’lim muassasasini tanlashga yanada jiddiyroq yondashishlari lozim. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashkil etilgan, ayniqsa, xususiy oliygohlarga hujjat topshirmaslik kerak, chunki ularda zarur infratuzilma, laboratoriyalar yoki ingliz tilida dars beruvchi o‘qituvchilar yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Bundan tashqari, diplomat chet elda o‘qishni rejalashtirayotgan vatandoshlariga Hindistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan maslahatchilarga murojaat qilmaslikni tavsiya etdi.
«Hindistonlik talabalar xoh o‘z vatanida bo‘lsin, xoh O‘zbekistonda, vijdonsiz kimsalarning qurboniga aylanmasligi juda muhim», — dedi vazirlik vakili.
Mulozim talabalar Markaziy Osiyo respublikasiga faqat talabalik vizasi bilan borishlari shartligini qo‘shimcha qildi. Biror-bir muammo tug‘ilganda ular yordam olish uchun Hindistonning Toshkentdagi elchixonasiga murojaat qilishlari lozim.
Shu bilan birga, Jaysval Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi (NMC) xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar uchun tavsiyalar e’lon qilganini eslatdi. Unda amal qilinishi zarur bo‘lgan qoidalar va harakatlar tartibi batafsil bayon etilgan.
«Mamlakatimiz hukumati O‘zbekistonga yo‘l olayotgan talabalar NMC talablariga javob beradigan sifatli ta’lim olishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda», — deya xulosa qildi TIV vakili.
O‘tgan yilning yozida rasmiy Nyu-Dehli O‘zbekistondagi ayrim oliygohlardagi kamchiliklarni ko‘rsatib, ogohlantirish e’lon qilgan edi. Xususan, Hindiston hukumati yoshlarga Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiqdagi filialida tahsil olmaslikni qat’iy tavsiya etgandi. Bunday institut va universitetlarning salbiy jihatlari sifatida ta’lim standartlariga nomuvofiqlik, to‘lov-kontrakt narxlarining sun’iy ravishda oshirib yuborilgani va boshqa omillar qayd etilgandi.
NMC ta’lim muddati (kamida 54 oy), o‘quv rejasi va klinik amaliyot bo‘yicha talablarga rioya qilmaslik achinarli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgandi. Buning oqibatida bitiruvchi Hindistonda tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanish huquqini qo‘lga kirita olmaydi.
O‘shanda O‘zbekiston tomoni e’tirozlarga munosabat bildirgandi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti mazkur oliygoh xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini, uning bitiruvchilari esa imtihonlarda yuqori natijalar ko‘rsatayotganini ta’kidlagan. Jumladan, hindistonlik talabalar o‘z yurtida ishlash huquqiga ega bo‘lish uchun topshirishi shart bo‘lgan 2025 yilgi FMGE (Foreign Medical Graduate Examination) natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 40,37% muvaffaqiyatli ko‘rsatkich bilan dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. MDH va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida esa respublika birinchi o‘rinni egallagan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekistonda 13 mingdan ortiq hindistonlik talaba tahsil olmoqda, bu jami xorijlik talabalarning (24,6 ming) 50 foizdan ziyodini tashkil etadi. Ularning aksariyati shifokor bo‘lishga tayyorlanmoqda. Ta’lim muassasalari orasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Samarqanddagi ixtisoslashtirilgan oliygoh ommabop bo‘lib, ularning har birida taxminan 4 ming nafardan hindistonlik ta’lim olmoqda.



