Himolay tog‘larida minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan fojia ekologlarning Jahon bankiga nisbatan keskin talab qo‘yishiga sabab bo‘ldi. Dunyoning turli mamlakatlaridan 111 ta nodavlat tashkilot bankni baland tog‘li hududlardagi yirik GESlarni moliyalashtirishga moratoriy joriy etishga chaqirdi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish lozim bo‘lgan loyihalar qatorida Tojikistondagi Rog‘un GESi ham bevosita tilga olingan. Bu haqda Markaziy Osiyo daryolari va to‘g‘onlari haqidagi yangiliklarni yorituvchi Rivers.Help! portali xabar berdi.
12 oktyabr sanasi bilan Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) boshqaruvchi direktori Maxtar Diop va ijrochi direktorlar kengashiga yo‘llangan murojaatni bir qator tashkilotlar imzolagan. Ular orasida International Rivers, «Chegara bilmas daryolar» xalqaro koalitsiyasi (Rivers without Boundaries), CEE Bankwatch Network, Bretton Woods Project, shuningdek, tojiklarning «Medvejiy ugol» ekologik tashabbus guruhi va Rossiyaning «Dront» hamda Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish markazi kabi tashkilotlari bor.
Murojaatga 2026 yil 26 avgust kuni Nepal va Xitoyning Tibet muxtor rayoni chegarasidagi Himolay tog‘larida tosh va muz ko‘chkisi yuzaga kelib, Bhotekoshi — Trishuli yo‘lagida halokatli suv toshqinini keltirib chiqargani sabab bo‘lgan. Maktub mualliflari keltirgan Nepal hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyi oxiriga kelib 1450 kishi halok bo‘lgan, yana 5285 kishi hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Bedarak yo‘qolganlar orasida qiymati 650 million dollarlik «Yuqori Trishuli-1» GESi qurilishida ishlayotgan taxminan 500 nafar xodim ham bor. Ushbu stansiya Jahon banki guruhi boshchiligidagi kreditorlar konsorsiumi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Konsorsiumda Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ham ishtirok etadi.
Hukumat baholashiga ko‘ra, 13 ta gidroelektr stansiyasining vayron bo‘lishi qariyb 1 milliard dollarlik zararga sabab bo‘lgan. Bu ofat tufayli yetkazilgan jami moddiy va iqtisodiy zararning uchdan bir qismini tashkil etadi. Katmandu energetika infratuzilmasini tiklash uchun 2,5 milliard dollar so‘ralmoqda. Bu mamlakatga ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan jami mablag‘ning 54 foiziga teng.
Murojaat mualliflari ushbu fojiani «to‘liq oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan» hodisa deb atab, xavfi yuqori bo‘lgan infratuzilmani moliyalashtirishda Jahon banki qo‘llayotgan yondashuvni tanqid qiladilar
Fuqarolik jamiyati tashkilotlari 2017 yildayoq «Yuqori Trishuli-1» loyihasi bilan bog‘liq xavflar haqida ogohlantirgan edi. Ular Trishuli daryosida muzlik ko‘llarining yorilishi bilan bog‘liq avvalgi hodisalarga, 2015 yilgi zilzila yaqqol namoyon etgan yuqori seysmik xavfga hamda iqlim o‘zgarishining daryo oqimiga ta’sirini hisobga olmagan loyihaga e’tibor qaratishgan. Shunga qaramay, 2018 yilda Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) havzadagi muzlik ko‘llarining darz ketishi xavfini past deb baholagan. Iqlimiy xavflar bo‘yicha alohida o‘tkazilgan baholashda ham ularning ahamiyati jiddiy emas, deb topilgan.
2023 yilda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan mustaqil ekspertlar guruhi 2024 yil sentyabr oyidagi suv toshqini mashina zali yaqinidagi ishchilar lageriga xavf tug‘dirganini, 2025 yilda esa muzlik ko‘lining darz ketishi qurilish obyektlariga zarar yetkazganini qayd etgan. 2025 yil may oyida ekspertlar loyihaning iqlimiy barqarorligini ofatlar xavfini hisobga olgan holda baholashni tavsiya qilgan. Biroq bunday baholash hanuzgacha o‘tkazilmagan.
«Moliyachilar loyiha takroriy suv toshqinlari va muzlik ko‘llarining darz ketishi xavfiga duch kelayotganini, xavfsizlik choralarini zudlik bilan ko‘rish zarurligini bilgan. Ammo qurilish bunday choralarsiz davom etgan», — deyiladi maktubda.
Ekologlar bu holatni alohida kamchilik emas, balki tizimli muammo deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, bankning yumshatilgan himoya siyosati ekologik xavflar baholanib, ularni kamaytirish bo‘yicha real rejalar tayyorlanishidan oldin moliyaviy bitimlarni yakuniy tasdiqlashga imkon beradi. Maktubda zarar ko‘rgan yoki ortiqcha xarajatlar va muddatlar bilan qayta loyihalashtirilgan obyektlarga misol sifatida Pokistondagi Dasu, Tarbela 5 va Xayber-Paxtunxvadagi GESlar, Hindistondagi Vishnugad Pipalkoti, Nepaldagi «Yuqori Bxotekoshi» hamda Tojikistondagi Rog‘un GESi keltirilgan.
Murojaat mualliflari so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan bir qator avariyalarni ham eslatadi. 2021 yil fevral oyida Hindistonning Chamoli hududida tosh va muz ko‘chkisi ikki GESni vayron qilib, 200 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2023 yil oktyabr oyida Sikkimdagi Janubiy Lxonak muzlik ko‘lining darz ketishi natijasida quvvati 1200 MVt bo‘lgan, yaqinda qurib bitkazilgan Teesta-III to‘g‘oni vayron bo‘lgan. 2024 yil sentyabr oyida Nepaldagi suv toshqinlari taxminan 20 ta stansiyaga zarar yetkazgan. 2025 yil iyul oyida esa muzlik ko‘lining darz ketishi Bhotekoshi — Trishuli yo‘lagidagi yana 11 ta loyihaga ta’sir ko‘rsatgan.
Koalitsiya beshta talabni ilgari suradi. Jahon banki xavfli tog‘li hududlardagi daryolarni, birinchi navbatda, mualliflar Himolay, Qoraqurum, Hindukush, Pomir, Tyan-Shan va Kunlun tog‘ tizmalarini o‘z ichiga olgan Osiyoning baland tog‘li mintaqalarini yirik infratuzilma loyihalari uchun yopiq hududlar deb e’lon qilishi kerak. Shuningdek, mustaqil tekshiruvlar va daryo havzalari miqyosidagi xavf baholari yakunlanguniga qadar o‘z portfelidagi yirik va kaskadli GESlarni moliyalashtirishga zudlik bilan moratoriy joriy etishi lozim.
Bankka ekologik va ijtimoiy standartlardagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, barcha himoya hujjatlari tasdiqlanmaguncha moliyaviy bitimlarni yakuniy rasmiylashtirish va mablag‘ to‘lashni taqiqlash taklif etiladi. Bu hujjatlar qatoriga to‘g‘on buzilishi xavfini baholash va mahalliy aholi hamda quyi oqimda joylashgan mamlakatlar bilan kelishilgan favqulodda vaziyatlarda harakat qilish rejalari ham kirishi lozim. Murojaat mualliflarining fikricha, Nepalni tiklash ishlari avvalgi zaifliklarni yanada kuchaytiradigan loyihalar hisobiga emas, balki grantlar va tovon to‘lovlari orqali amalga oshirilishi kerak.
Beshinchi talab bevosita Markaziy Osiyoga taalluqli. Mualliflar Jahon bankini gidroenergetikaga qaram mamlakatlarga energetika tizimlarini diversifikatsiya qilishda yordam berishga chaqiradi. Mozambik va Kongo Demokratik Respublikasidan tortib Nepal va Tojikistongacha bo‘lgan davlatlar uchun taqsimlangan quyosh va shamol energetikasi, kichik GESlar, energiyani saqlash tizimlari, elektr tarmoqlari barqarorligi hamda mintaqaviy tarmoqlararo bog‘lanishlarni rivojlantirishga mablag‘ yo‘naltirish taklif etiladi.
Imzolovchilar fikricha, Zambezi daryosidagi Mphanda Nkuwa, Kongo daryosidagi Inga 3 va Tojikistondagi Rog‘un GESi kabi yangi yirik loyihalar «mamlakatlarni aynan ularni zaif qilayotgan qaramlikka yanada chuqurroq botiradi». Shu sababli ular Jahon bankini ushbu loyihalarni moliyalashtirish, kafolatlar berish, kapitalda ishtirok etish va texnik yordam ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqiradilar.
«Tog‘lar ogohlantirdi: agar Jahon banki guruhi ushbu zaif hududlarda gidroenergetikani inersiya bo‘yicha moliyalashtirishda davom etsa, u navbatdagi fojia uchun ham javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi», — deya xulosa qiladi murojaat mualliflari.
Amudaryo havzasidagi Vaxsh daryosida joylashgan Rog‘un GESi dunyodagi eng baland — 335 metrlik ko‘tarma to‘g‘onga ega bo‘lishi kerak. Rivers.Help! portali ta’kidlashicha, loyiha Nepaldagi kabi zaiflik sharoitida — muzliklarning tez erishi, sellar va zilzilalar xavfi mavjud bo‘lgan hududda amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, Jahon banki uni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda: bank tomonidan ajratilgan mablag‘larning umumiy hajmi 650 million dollarga yetgan. 2026 yil yozida direktorlar kengashi 300 million dollarlik so‘nggi grantni ma’qullagan, oktyabr boshida esa Tojikiston parlamenti uni ratifikatsiya qilgan.
Ayni paytda Rog‘un GESi atrofida xalqaro donorlar guruhi shakllanmoqda. Ular qo‘shimcha ravishda qariyb 3 milliard dollar jalb etishi kerak. Elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan bir vaqtda qurilish ishlari ham davom etmoqda: to‘g‘on balandligi 190 metrga yetgan, ikkita gidroagregat ishlamoqda. Portal eslatishicha, mintaqa daryolari transchegaraviy xususiyatga ega. Shu bois Rog‘un GESi yoki Qirg‘izistondagi Qambarota-1 GESi kabi yirik to‘g‘onlar qo‘shni mamlakatlarning suv ta’minotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, YUNЕSKOning Jahon merosi obyektlarini ham o‘z ichiga olgan ekotizimlarga xavf tug‘diradi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida bunday loyihalar suv resurslari taqsimoti bo‘yicha nizolarni keskinlashtirishi mumkin.
Jahon bankiga yo‘llangan maktubda Qirg‘izistondagi loyiha tilga olinmagan. Biroq, ekologlar ilgari surayotgan — beqaror baland tog‘li vodiylarda ulkan to‘g‘onlar qurmaslik — tamoyili Tyan-Shan tog‘lariga ham taalluqli.
-
08 oktyabr08.10«Vaziyat juda nozik»O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan -
24 sentyabr24.09NVIDIA va Huawei o‘rtasidaQozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda -
22 sentyabr22.09Onlayndagi Afg‘oniston taqdiriToliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi -
16 sentyabr16.09Tonggi tarovat o‘lkasidagi sammitMuhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi? -
18 avgust18.08Qozog‘iston Big Oil'ga qarshi: Qashag‘andagi 160 milliard dollarlik da’vo ortida nima turibdi?Ostona kon operatorini korrupsiya va xarajatlarni asossiz ravishda oshirishda aybladi -
17 avgust17.08Vashington, sizlarni Qobulda kutishmoqdaQobul diplomatik tan olinish va sarmoya evaziga Trampga mamlakat resurslarini taklif qilmoqda



