Qirg‘izistonlik jurnalist-tadqiqotchilar Bolot Temirov va Maxabat Tajibek qizi «Kluni adolat uchun jamg‘armasi» (Clooney Foundation for Justice) tomonidan ta’sis etilgan xalqaro inson huquqlari mukofoti — The Albies mukofoti sovrindorlari bo‘ldi. Bu haqda Clooney Foundation for Justice xabar berdi.
Mukofot adolat va inson huquqlari uchun kurashga qo‘shilgan hissa uchun beriladi. 2026 yilda sovrindorlar qatoriga malavilik huquq himoyachisi Vanessa Mvangala, amerikalik fotojurnalist Linsi Addario, Kongoning Justice Plus tashkiloti va Microsoft prezidenti, huquq himoyachisi Bred Smit ham kirdi.
Mukofotni topshirish marosimi 9 oktyabr kuni London Tabiiy tarix muzeyida bo‘lib o‘tadi.
Bolot Temirov Facebookdagi sahifasida mukofotning berilishini korrupsiyaga qarshi jurnalistik surishtiruvlar bilan shug‘ullangan Temirov Live KG va «Ayt Ayt Dese» onlayn loyihalari faoliyatining xalqaro miqyosda e’tirof etilishi deb hisoblashini ta’kidladi.
2022 yil yanvar oyida «Tashiyevlar klan»i haqidagi surishtiruv e’lon qilinganidan so‘ng Temirov qo‘lga olingan. Sud uni hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq epizod bo‘yicha aybdor deb topib, Qirg‘iziston fuqaroligidan mahrum qilish va mamlakatdan deportatsiya qilish haqida qaror chiqargan. Hozirda jurnalist xorijda bo‘lib, o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. 2026 yil iyun oyida uning shikoyati BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida ro‘yxatga olingan.
Temirov Live KG va «Ayt Ayt Dese» loyihalariga Temirovning rafiqasi — jurnalist Maxabat Tajibek qizi rahbarlik qilgan. Ular birgalikda jamoatchilikda katta aks-sado bergan korrupsiyaga qarshi jurnalistik surishtiruvlar ustida ishlashgan.
Tajibek qizi 2024 yil yanvar oyida o‘n nafar xodim bilan birga qo‘lga olingan. Ular namoyishlar va ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilishda ayblangan. Dastlab barcha gumondorlarga ikki oy muddatga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, keyinchalik sud ulardan yetti nafarini uy qamog‘iga va tilxat asosida ozod qilgan.
2024 yil oktyabr oyida Bishkekning Lenin tuman sudi Tajibek qizini olti yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. 2026 yil mart oyida Qirg‘iziston Oliy sudi hukmni bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yuborgan. Ehtiyot chorasi mamlakatdan chiqib ketmaslik haqida tilxat olishga o‘zgartirilgan. 2025 yil noyabr oyida BMTning O‘zboshimchalik bilan ushlab turishlar bo‘yicha ishchi guruhi Tajibek qizining hibsda saqlanishini o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan, deb topgan.
Ehtiyot chorasi o‘zgartirilganiga qaramay, mamlakatdan chiqishga qo‘yilgan taqiq saqlanib qolmoqda. 2026 yil 25 avgustda Bishkekning Lenin tuman sudi himoya tomonining Tajibek qiziga The Albies mukofotini topshirish marosimida ishtirok etish uchun Londonga borishga ruxsat berish haqidagi iltimosnomasini rad etdi. Advokat Akinbek Nogoyevning ta’kidlashicha, sud qarori nafaqat uning himoyasidagi shaxsning maqomiga, balki «umuman Qirg‘iziston maqomiga» ham daxl qiladi.
The Albies — Jorj va Amal Kluni tomonidan 2022 yilda ta’sis etilgan har yilgi mukofot. U aparteidga qarshi kurashgan Janubiy Afrika sudyasi Albi Saks nomi bilan atalgan. Mukofotning maqsadi — o‘z xavfsizligini xatarga qo‘ygan holda adolat va inson huquqlarini himoya qilayotgan shaxslar hamda tashkilotlarga e’tibor qaratishdir.



