2026 yil avgust oyining oxirida Turkiya Milliy ta’lim vazirligi «turkiy dunyo» haqida ikkita yangi o‘quv qo‘llanmasini taqdim etdi. Ulardan biri boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan «Hakan va Bilgening turkiy dunyo bo‘ylab sayohati» nomli illustratsiyalashgan kitob, ikkinchisi esa yuqori sinf o‘quvchilari uchun «Turkiy dunyo madaniy atlasi: Bilge va Hakanning zamonlar osha sayohati» nomli atlasdir. Anadolu agentligi aniqlashicha, har ikki qo‘llanma 2026/2027 o‘quv yili boshida oddiy darsliklar bilan birga maktab o‘quvchilariga bepul tarqatiladi. Ularning raqamli versiyalari esa EBA ta’lim platformasi va vazirlikning boshqa resurslarida joylashtiriladi, deb xabar beradi Türkiye Gazetesi.
Hakan va Bilge kimlar? Ular haqiqiy tarixiy shaxslar emas, balki aynan ushbu ta’lim loyihasi uchun o‘ylab topilgan aka-uka emas, aka-singil qahramonlardir. Türkiye Gazetesi keltirgan vazirlik tavsifiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan kitobda ikki bola bobosi ularga xat va sirli atlas qoldirganidan so‘ng «turkiy dunyo» mamlakatlari bo‘ylab sayohatga chiqadi. Ularning sarguzashtlari bilimlar to‘g‘ridan to‘g‘ri berilmaydigan, balki qahramonlarning qiziqishi, savollari va kuzatuvlari orqali yetkaziladigan hikoya shaklida qurilgan.
Yuqori sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan atlasda voqealar yanada murakkablashadi: Bilge va Hakan bobosining kutubxonasidan o‘rta asr filologi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asaridagi turkiy dunyo xaritasini topadilar va ajdodlari qoldirgan xatga amal qilib, Oltoydan Adriatika dengizigacha bo‘lgan 15 ta yo‘nalish bo‘ylab sayohatga chiqadilar. Sayohat Axlat, Boku, Ashxobod, Samarqand, Bishkek, O‘tyuken va Mostar orqali o‘tadi. Atlas animatsiya, videolar, interaktiv xaritalar va virtual sayohatlarga olib boruvchi QR-kodlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun «Turkiy o‘zlik» nomli alohida ilova yaratilgan bo‘lib, unda ular bajarilgan topshiriqlarni belgilab borishlari mumkin, deb qayd etadi TRT Avaz telekanali.
Har ikki nashrga so‘zboshi yozgan Turkiya Ta’lim vaziri Yusuf Tekin turkiy dunyoni umumiy tarix va madaniy meros birlashtirib turgan «katta oila» deb ataydi va yosh kitobxonlarga bevosita murojaat qiladi: «Xaritalarda chizilgan chegaralar qalblardagi qadimiy rishtalarni uzishga qodir emasligini unutmang», — deyiladi T24 nashri keltirgan matnda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz dashtida yangraydigan qobiz sadolari, anatoliya qo‘shig‘i, o‘zbek palovining tafti, O‘rxun bitiklaridagi nasihatlar va Mustafo Kamol Otaturkning yoshlarga murojaatidagi qat’iyat — «bir ildiz va bir ruhdan oziqlanadi».
Ushbu o‘quv materiallarining paydo bo‘lishi alohida bir voqea emas, balki Turkiya Ta’lim vazirligi 2024 yildan buyon «Turkiya asri ta’lim modeli» (Türkiye Yüzyılı Maarif Modeli) yangi ta’lim konsepsiyasi doirasida amalga oshirayotgan ancha keng ko‘lamli til va mafkuraviy islohotlarning davomidir. Ushbu konsepsiya doirasida «Markaziy Osiyo» tushunchasi tarix fanining maktab dasturidan butunlay chiqarilib, «Turkiston» so‘zi bilan almashtirildi. Bu haqda vazir Tekin 2025 yil oktyabr oyida ochiq bayonot bergan edi:
«Biz o‘quv dasturida “Markaziy Osiyo” tushunchasini “Turkiston” atamasi bilan almashtirdik. Bu turkiy dunyoni bo‘lib ko‘rsatadigan ifodalardan ongli ravishda voz kechishimizni anglatadi», — deya uning so‘zlarini Anadolu agentligi keltirgan.
2026 yil may oyida Turkiya ommaviy axborot vositalari terminologiyadagi boshqa o‘zgarishlar haqida ham xabar berdi: «salib yurishlari» «salibchilar bosqinlari»ga, «geografik kashfiyotlar» «mustamlakachilik siyosati»ga, Vizantiya esa «Sharqiy Rim»ga aylantirildi, deb yozadi Yeni Şafak. 2026 yil iyun oyida Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar ta’lim vazirlari uchrashuvida Tekin, shuningdek, tashkilotga a’zo barcha davlatlarga, jumladan, tan olinmagan «Shimoliy Kipr Turk Respublikasi»ga maktab o‘quvchilarining darsdan tashqari ta’lim safarlari uchun alohida «Turkiston bo‘ylab turlar va sayohatlar qo‘llanmasi»ni tayyorlash boshlanganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Eskişehirliyiz portali.
«Turkiston» so‘zini qo‘llashni rasmiy asoslash tarixiy-geografik dalillarga tayanadi: tadqiqotchi Mehmet Fotih Oztarsu The Diplomat nashri uchun yozgan tahlilida ta’kidlashicha, mazkur atama haqiqatan ham XIX asrda Rossiya tomonidan mintaqani bosib olishga qadar turkiy xalqlar yashagan hududlarni — hozirgi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Xitoyning Shinjon hududlarini — ifodalash uchun ishlatilgan. Sovet Ittifoqi tashkil topganidan so‘ng ushbu hudud Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kiritildi (u 1918–1924 yillarda mavjud bo‘lgan), keyin esa milliy tamoyil asosida qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, turkman va tojik sovet respublikalariga bo‘lindi. Turkiyadagi islohot tarafdorlari bu jarayonni turkiy birlikning sun’iy ravishda yo‘q qilinishi va nisbatan «betaraf» bo‘lgan «Markaziy Osiyo» atamasining keng tarqalishi sifatida talqin qiladi.
Terminologiya almashtirilishiga Turkiya prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchuning bergan bahosi yaqqol misol bo‘la oladi. U avvalgi atamani «G‘arb tomonidan singdirilgan imperialistik tarixiy nuqtayi nazar» mahsuli deb atab, «Markaziy Osiyo» tushunchasi «tarix axlatxonasiga uloqtirilishi» kerakligini bildirdi, deb uning so‘zlarini Haber16 keltiradi. Tekha nashri sharhlovchisi ham shunga hamohang fikr bildiradi: «“Markaziy Osiyo” — bu koordinata, “Turkiston” — bu Vatan», — deyiladi Tekha.com.tr saytidagi maqolada. Unda atama almashtirilishi yosh avlod ongidagi mansublik hissini «chegaralardan tashqariga, ildizlarga» yo‘naltirish usuli sifatida tasvirlangan.
Biroq, Anqarada ilmiy va lingvistik tuzatish sifatida taqdim etilayotgan bu o‘zgarishni xalqaro kuzatuvchilar siyosiy signal sifatida baholamoqda.
Bianet nashri ta’kidlashicha, qaror Turkiyaning o‘zida deyarli sezilmay qolgan, ammo xorijlik tarixchilar, pedagoglar va geosiyosat mutaxassislarining jiddiy e’tiborini tortgan. Yangi atamaning asosiy muammosi shundaki, u mintaqada qadimdan yashab kelayotgan tojiklar va boshqa turkiy bo‘lmagan xalqlarni qanday hisobga olishi noaniq. Ya’ni islohot mintaqaga xos identiklikni, o‘z-o‘zidan, etnik turkiy doiraga bo‘ysundiradi. Bundan tashqari, «Turkiston» so‘zi XX asr boshlaridagi panturkizmning mafkuraviy konsepsiyasi bo‘lgan «Turon» g‘oyasini ham tabiiy ravishda qayta kun tartibiga olib chiqadi. Bu konsepsiya Anadoludan Oltoygacha bo‘lgan barcha turkiy tilli hududlarni yagona madaniy va istiqbolda yagona siyosiy makon sifatida ko‘rar edi.
Tadqiqotchi Mehmet Fotih Oztarsu The Diplomat nashri uchun tayyorlagan tahliliy maqolasida terminologiyadagi islohotni Anqaraning kengroq strategiyasi — «yangi turkiy mintaqaviylik» deb ataluvchi yondashuv bilan bog‘laydi. Uning institutsional o‘zagi Turkiy davlatlar tashkiloti bo‘lib, unga Turkiyadan tashqari Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kiradi. Uning baholashicha, atamaning almashtirilishi mazkur tashkilotning lotin alifbosiga asoslangan umumiy turkiy alifboga o‘tish haqidagi qarori bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi va XX asr boshlaridagi panturkizm mafkurasi tarafdori Ismoil Gaspirali tomonidan ilgari surilgan «tilda, mehnatda va g‘oyada birlik» tamoyiliga mos keladi. Bianet qayd etishicha, ushbu institutsional tarmoq tarkibiga Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TYURKSOY), Xalqaro Turkiy akademiya va boshqa qator tuzilmalar kiradi. Ular a’zo mamlakatlar uchun umumiy tarixiy siyosat, yagona geografik nomlar tizimi va umumiy ta’lim standartlarini bosqichma-bosqich shakllantirmoqda.
Ushbu islohotning geosiyosiy konteksti Turkiya uchun alohida ahamiyatga ega. Oztarsu ta’kidlashicha, «Turkiston» so‘zining qayta qo‘llanila boshlashi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli Markaziy Osiyodagi ta’siri susayishi va bir vaqtning o‘zida Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi orqali mintaqadagi ishtirokini kuchaytirishi fonida yuz bermoqda. Qozog‘iston va O‘zbekiston so‘nggi yillarda Moskvadan asta-sekin uzoqlashib, turkiy dunyo bilan yaqinroq aloqalar izlamoqda. Turkiya esa mintaqaning yetakchi madaniy va siyosiy hamkori sifatida o‘zini namoyon etish uchun bu vaziyatdan foydalanishga intilmoqda. Shu bilan birga, Moskva an’anaviy ravishda Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doirasining bir qismi deb biladi va Anqaraning panturkistik ritorikasiga shubha bilan qaraydi. Pekin esa Shinjonning nozik masalasi, ya’ni u yerda turkiy tilli uyg‘urlar yashashi tufayli Turkiya tashabbusini ehtiyotkorlik bilan qabul qilishi mumkin. Qizig‘i shundaki, AQSH Xelsinki komissiyasi xodimlarining «Rossiyaga qarshi turish: Rossiyaning uzoq muddatli tahdidiga tayyorgarlik» nomli hisobotida Turkiyani mintaqada Moskvaga muqobil kuch sifatida ko‘rib chiqish va uning panturkistik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tavsiya etilgan. Bianet The Diplomat nashridagi maqolaga tayanib, aynan shu jihatni keltiradi.
Turkiyaning o‘zi esa panturkizm va irredentizm haqidagi ayblovlarni rasman rad etadi. Anqara «turkiy dunyo»ni suveren davlatlarning faqat madaniy va iqtisodiy hamkorlik doirasi sifatida talqin qiladi, davlatlarni birlashtirish loyihasi sifatida emas. Masalan, AVİM tahliliy markazi ham konsepsiyani aynan shu tarzda talqin qiladi. U o‘z tahlilida Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyati kontekstidagi «Turon» tushunchasi siyosiy idealga emas, balki qardosh xalqlarning umumiy tarixiy o‘tmishiga ishora qilishini ta’kidlaydi.
Irredentizm — italyancha irredenta, «ozod etilmagan yer» so‘zidan kelib chiqqan. Bu davlat boshqa davlatlar suvereniteti ostida bo‘lgan, ammo etnik, tarixiy yoki madaniy belgilarga ko‘ra «o‘ziniki» deb hisoblaydigan hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga qaratilgan siyosiy g‘oya yoki harakatdir.
Shunga qaramay, davlat rahbarlarining ritorikasining o‘zi kengroq ambitsiyalar mavjudligidan dalolat beradi. Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on turkiy davlatlar forumida «Turkiyaning siyosiy va madaniy chegaralari uning rasmiy chegaralaridan emas, balki ancha kengroq hudud — Adriatikadan Buyuk Xitoy devorigacha bo‘lgan chiziqdan boshlanadi», — deb ta’kidlagandi. Uning so‘zlarini Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi keltirgan.
«Adriatikadan Buyuk Xitoy devorigacha» degan bu formula hali SSSR parchalanganidan so‘ng, 1990-yillarning boshida prezidentlar Sulaymon Demirel va Turg‘ut O‘zal tomonidan qo‘llangan. Uning zamonaviy siyosiy leksikonda muntazam ravishda qayta paydo bo‘lishi maktab dasturidagi terminologik islohot Ta’lim vazirligi apparatining bir martalik qarori emas, balki o‘nlab yillar davomida izchil shakllantirib kelinayotgan Turkiya tashqi siyosatining yo‘nalishi ekanini ko‘rsatadi.
Hakan va Bilge haqidagi yangi o‘quv materiallari ham aynan shu yo‘nalishning bir qismi hisoblanadi. Rasmiy jihatdan ular sayohatlar va madaniy meros haqidagi beozor bolalar adabiyotidir. Biroq, rang-barang illustratsiyalar va o‘yin shaklidagi ilovalar ortida Turkiya maktablarida ta’lim olayotgan yangi avlod ongida «turkiy dunyo»ni yagona tarixiy va madaniy makon sifatida shakllantirishga qaratilgan maqsadli ish turibdi. Bu makonning chegaralari davlat sarhadlari bilan emas, balki etnik va til birligi bilan belgilanadi.
«Markaziy Osiyo» atamasi Turkiya darsliklaridan rasman chiqarilib, uning o‘rniga «Turkiston» atamasi singdirilayotganini hisobga olsak, Oltoydan Adriatikagacha bo‘lgan «o‘z» yurti bo‘ylab bolalar sayohatlari geografiya bilan tanishishdan ko‘ra panturklar dunyoqarashini erta singdirish vazifasini ko‘proq bajaradi. Ya’ni bu Anqaraning postsovet Markaziy Osiyoda o‘nlab yillarga mo‘ljallangan yanada katta geosiyosiy rol o‘ynashi uchun zamin tayyorlashga qaratilgan tizimli harakatdir.
-
16 sentyabr16.09Tonggi tarovat o‘lkasidagi sammitMuhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi? -
07 avgust07.08Endi «demokratiya orolchasi» emasQirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning sobiq safdoshi iste’fosi uning yakkahokimligini qanday mustahkamlayotgani haqida -
16 fevral16.02Olovli, qizil va go‘zalQanday qilib ot xitoyliklar tavimida bebaho hayvonga aylangani haqida -
11 fevral11.02Inqilobdan ayri bo‘lgunga qadarQirg‘izistonning «parda ortidagi rahbari» nima uchun ishdan bo‘shatilgani va bundan so‘ng nimalar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida -
21 yanvar21.01Bulbul gul ishqida yongani kabiMarkaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi? -
22 dekabr22.12FotoTokio drayviYaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi



