Bishkek shahar sudi «75 shaxs maktubi» ishi bo‘yicha sudlanuvchilarga qo‘yilgan ayblov va hukmni o‘zgartirdi

Qamchibek Toshiyev (o‘ngda) sudda so‘zlamoqda. kloop.kg sayti fotosurati

Bishkek shahar sudi prokuratura va himoya tomoni birinchi instansiya qaroridan shikoyat qilganidan so‘ng «75 shaxs makutbi» deb ataladigan ishni ko‘rib chiqdi. Yakunlarga ko‘ra, ayblov Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta malakalandi va hukmga kichik o‘zgartishlar kiritildi. Sud majlisi yopiq tarzda o‘tkazildi, deb xabar beradi Kaktus.media.

Shahar sudi Qirg‘iziston poytaxti Pervomayskiy tuman sudining birinchi instansiya hukmini o‘zgartirdi. Ish figurantlari, jumladan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Toshiyev Jinoyat kodeksining 195-moddasi («Saylov huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish») bo‘yicha aybdor deb topildi. Avvalroq ular «Hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish» (326-modda) bo‘yicha sudlangan edi.

Yangi hukmga ko‘ra, «75 shaxs maktubi» ishi bo‘yicha har bir figurantga to‘rt yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va keyingi ikki yil davomida probatsiya qo‘llanildi. Birinchi instansiya hukmi ham xuddi shunday edi, biroq o‘shanda probatsiya muddati uch yilni tashkil etgandi. Eslatib o‘tamiz, agar belgilangan muddat davomida mahkumlardan birortasi qonun yoki probatsiya shartlarini buzsa, u jazoni o‘tash koloniyasiga yuboriladi.

Muhimi shundaki, avvalgi ayblovlar bo‘yicha jazo mol-mulkni musodara qilishni ham nazarda tutgan edi. Biroq, 195-moddada bunday chora mavjud emas. Shunga ko‘ra, hukmning aynan shu jihati yumshatilgan.

Toshiyevdan tashqari, «75 shaxs makutbi» ishi figurantlari ro‘yxatida quyidagilar bor:

Nurlanbek Turgunbek uulu, Jogorku Kenesh (parlament) sobiq spikeri;

Qurmankul Zulushev, respublika sobiq Bosh prokurori;

Bekbolot Talgarbekov, jamoat arbobi;

Emilbek Uzaqbayev, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi;

Qurmanbek Diykanbayev, Jogorku Kenesh sobiq deputati;

Aali Karashev, Qirg‘iziston sobiq Bosh vazir o‘rinbosari;

Qursan Asanov, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari.

Qayd etish lozim, birinchi instansiya sudining hukridan har ikki tomon ham shikoyat qilgan. Advokatlar o‘z mijozlarini oqlashni talab qilgan bo‘lsa, prokuratura barcha ayblanuvchilarga to‘qqiz yildan qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan.

Himoya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Bishkek shahar sudining hukmi ham ish figurantlarini qanoatlantirmagan. Ular respublika Oliy sudiga shikoyat berish niyatida.

ℹ️ 2026 yil 9 fevral kuni Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov va parlament spikeriga murojaat e’lon qilinib, unda muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazishga chaqiriq bildirilgan edi. Maktub ostida 75 nafar kishining imzosi bo‘lgan. Ertasi kuni, 10 fevralda Japarov Qamchibek Toshiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va MDMK raisi lavozimlaridan ozod qildi. U o‘z qarorini «jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik, aksincha, birdamlikni mustahkamlash» istagi bilan izohladi. Keyinchalik Toshiyevga nisbatan «75 shaxs maktubi» deb ataladigan ish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Iyul oyi boshida hukm chiqarildi. Ish figurantlari hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinishda aybdor deb topilib, mol-mulkini musodara qilish bilan to‘rt yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Biroq, ularning barchasiga keyingi uch yil muddatga probatsiya qo‘llanildi. Shu bilan birga, «75 shaxs maktubi» imzochilari lavozim vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangani bo‘yicha oqlandi.