Umra safariga borgan 250 dan ziyod qirgʻizistonlik vataniga qayta olmayapti

rdlx.ru saytidan olingan surat

Umra safariga yoʻl olgan 250 dan ziyod qirgʻizistonlik Saudiya Arabistonidan vataniga qayta olmayapti. Buning ustiga, ular rahbariyati avvalroq firibgarlikda ayblangan «Nur Umra Trevel» sayyohlik firmasining mijozlari hisoblanadi. Bu haqda respublika Musulmonlari diniy boshqarmasi (MDB, muftiyat) vakili Abdulaziz Tutashpayev maʼlum qildi, deb xabar bermoqda 24.kg.

Ayni paytda muftiyat vaziyatni nazorat ostiga olgan — mazkur muammoni hal etish uchun maxsus komissiya tuzilgan. Aniqlik kiritilishicha, MDB va Saudiya Arabistonida istiqomat qiluvchi qirgʻizistonliklar koʻmagida u yerda qolib ketgan ziyoratchilar vaqtincha turar joy bilan taʼminlangan.

Tutashpayevning soʻzlariga koʻra, hozirda vatanga qaytish uchun aviachiptalar sotib olish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Boshqarma umraga borgan fuqarolarning qaytishini yaqin ikki kun ichida tashkillashtirishni rejalashtirmoqda.

Muftiyat noyabr-dekabr oylarida ziyoratchilar soni keskin oshganini qoʻshimcha qildi. Shu munosabat bilan moʻmin-musulmonlar sayyohlik operatorlari taklif qilayotgan hujjatlar hamda safar shartlarini sinchkovlik bilan tekshirishga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni inobatga olishga chaqirildi. Shu bilan birga, MDB vakillari fuqarolarga kutilmagan holatlar yuzaga kelganda uyga qaytish qanday tashkil etilishini oldindan aniqlashtirib olishni tavsiya etdi.

«Nur Umra Trevel» kompaniyasi bilan bogʻliq mojaro noyabr oyi oʻrtalarida, Saudiya Arabistoniga ziyoratga yoʻl olgan 104 nafar Qirgʻiziston fuqarosi Toshkentda qolib ketgani maʼlum boʻlgach avj olgan edi. Oʻshanda ular turoperator safarni davom ettirish uchun qoʻshimcha haq talab qilayotganidan shikoyat qilishgandi.

Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda, respublika muftiyati dindorlarga qoʻshni davlatlar orqali tranzit bilan emas, balki Bishkek va Oʻsh shaharlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar orqali umraga borishni maslahat berdi.

Turfirma rahbari Mirzat Koshoyevaga Oʻzbekiston poytaxtiga borish va muammoni joyida hal etish majburiyati yuklatilgan edi. Biroq koʻp oʻtmay tadbirkor ayol Bishkekda firibgarlikda gumonlanib qoʻlga olindi va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.

Keyinchalik hukumat «Nur Umra Trevel» kompaniyasining 2026-2027 yillar mavsumida musulmonlarning muqaddas qadamjolariga ziyorat safarlarini tashkil etish boʻyicha litsenziyasini bekor qildi.