Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligi (IIV) oilaviy zoʻravonlik va voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishni koʻzda tutuvchi qonunchilikka tuzatishlar tayyorlaydi. Bu haqda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish masalalariga bagʻishlangan respublika yigʻilishida mahkama rahbari Ulan Niyazbekov maʼlum qildi, deb xabar beradi 24.kg.
Vazirning soʻzlariga koʻra, jinoyatchilikning oldini olish mahkama ishining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanadi. IIV fuqarolarning murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari hamda boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Qonunchilikka aynan qanday oʻzgartirishlar kiritilishi koʻzda tutilayotganiga Niyazbekov aniqlik kiritmadi.
IIVning 20 noyabr kuni eʼlon qilingan maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning oʻn oyi davomida Qirgʻizistonda 23 414 ta oilaviy zoʻravonlik holati qayd etilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga нисбатан 28 foizga koʻpdir. Shunday qilib, respublikada kuniga oʻrtacha 77 tadan ana shunday holat roʻyxatga olinmoqda.
Mazkur davr mobaynida jabrlanganlarga 19 345 ta vaqtinchalik himoya orderi berilgan. Ularni olganlarning 17 699 nafari ayollar, 1 128 nafari erkaklar va 520 nafari voyaga yetmaganlardir.
Huquq-tartibot organlari 535 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatdi, bu 2025 yilning yanvar-oktabr oylaridagiga nisbatan 55 taga koʻpdir. Ulardan 326 tasi sudga yuborilgan, 152 ta ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan, yana 34 tasi boʻyicha esa toʻxtatib turilgan. Roʻyxatga olingan jinoyatlar orasida 31 ta qotillik, 37 ta nomusga tegish va 68 ta qiynoqqa solish holatlari bor.
Bundan tashqari, militsiya xodimlari oilaviy zoʻravonlik boʻyicha 7 432 ta va vaqtinchalik himoya orderi shartlariga rioya qilmaslik yuzasidan 643 ta bayonnoma rasmiylashtirdi. Sudlar 3 901 nafar huquqbuzarni hibsga oldi, yana 2 362 kishi jamoat ishlariga jalb etildi.
Taʼkidlash joizki, Qirgʻiziston hukumati oilaviy zoʻravonlikka qarshi kurash sohasidagi qonunchilikni bir necha bor qayta koʻrib chiqqan. 2020 yilda, «Fargʻona» xabar berganidek, deputatlar militsiyaga oilaviy zoʻravonlarni 48 soat davomida ushlab turish vakolatini qaytarish tashabbusi bilan chiqqan edilar. Tuzatishlar ishlab chiqilishiga himoya orderlarining samaradorligi pastligi sabab boʻlgan edi.
2024 yil avgustida mamlakat prezidenti Sadir Japarov oilaviy, jinsiy va gender zoʻravonlik qurbonlarini himoya qilishga qaratilgan sakkizta qonun hujjatiga kiritiladigan tuzatishlar paketini imzolagandi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, oilaviy zoʻravonlik holatlari soni ortishda davom etmoqda.



