Qirgʻiziston 2027 yil bahorida Yevropaga oltita toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnov ochishni rejalashtirmoqda

«Manas» aeroporti. airport.kg saytidan olingan surat

Qirgʻiziston 2027 yil bahorida Yevropa shaharlariga yangi toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat agentligi direktori Eduard Kubatovga tayangan «Kabar» agentligi.

Mulozimning soʻzlariga koʻra, respublika fuqaro aviatsiyasi vakillari va aeroportlar rahbarlari Frankfurt, Myunxen, Praga, Milan, London hamda Budapesht shaharlari bilan aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Birinchi bosqichda jami beshta mamlakatga yoʻnalishlarni ishga tushirish koʻzda tutilgan, biroq aniq yoʻnalishlar roʻyxati hozircha belgilanmagan.

Kubatovning tushuntirishicha, dastlab rasmiylar Qirgʻizistonga xorijiy aviatashuvchilarni, jumladan, Lufthansa, Air France va British Airways kompaniyalarini jalb qilish niyatida. Keyinchalik Yevropaga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni Qirgʻiziston aviakompaniyalari ham amalga oshiradi. Xususan, milliy tashuvchi Asman Airlines 2027 yilda dastlabki yirik yoʻlovchi samolyotlarini qabul qilib olishi kutilmoqda, bu esa parvozlar geografiyasini kengaytirishga imkon beradi.

«2027 yilda Qirgʻizistondan Yevropaga beshta toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnalish ochilishiga qattiq ishonaman», — deya taʼkidladi agentlik rahbari.

Yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlardan tashqari, respublika hukumati Tokio, Seul va Singapur bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aviaaloqa oʻrnatish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda. Bu reyslarni ishga tushirishning aniq muddatlari ham hozircha maʼlum qilinmagan.

2026 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqi Qirgʻizistonning barcha aviakompaniyalarini YEI hududiga parvoz qilishi taqiqlangan tashuvchilar roʻyxatidan chiqardi. «Fargʻona» avvalroq yozganidek, respublika parvozlar xavfsizligini taʼminlashdagi kamchiliklar tufayli 2006 yildan buyon qora roʻyxatda qolib kelayotgan edi.