Qirgʻiziston MDB Toshkentda qolib ketgan ziyoratchilar ortidan umraga tranzit orqali uchmaslikka chaqirdi

weproject.media saytidan olingan surat

Qirgʻiziston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB, muftiyat) moʻmin-musulmonlarga umra (kichik haj) safariga qoʻshni davlatlar orqali tranzit tarzida emas, balki Bishkek va Oʻshdan toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar bilan yoʻl olishni tavsiya qildi. Bu haqdagi bayonot Toshkentdan Saudiya Arabistoniga bir haftadan beri uchib keta olmayotgan ziyoratchilar guruhi bilan bogʻliq vaziyat fonida yangradi, deyiladi QMDB saytida.

Muftiyat hozirda islom muqaddas qadamjolari joylashgan Saudiya Arabistoniga Qirgʻizistondan toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni faqat ikki shahar — Bishkek va Oʻsh aeroportlaridan SalamAir, Air Arabia hamda Flyadeal aviakompaniyalari amalga oshirayotganini eslatdi. Shu bois fuqarolardan vaziyat barqarorlashgunga qadar tranzit parvozlardan tiyilish va boʻlajak ziyorat haqidagi maʼlumotlarni oldindan aniqlashtirib olish soʻraldi.

Diniy boshqarma matbuot xizmati xabariga koʻra, «Nur Umra Trevel» sayyohlik firmasi orqali umra safarini rejalashtirib, Toshkentda qolib ketgan qirgʻizistonliklar masalasi maxsus komissiyaning favqulodda yigʻilishida muhokama qilingan. Uchrashuvda muftiyat va Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamda turoperator rahbari Mirzat Koshoyeva ishtirok etgan.

Koshoyeva yuz bergan holat yuzasidan izoh bergan, ammo uning komissiyaga aynan nimalarni maʼlum qilgani ochiqlanmagan. Faqat rasmiylar ziyoratchilarni vatanga qaytarish masalasini tezkorlik bilan hal etishni talab qilgani bildirilmoqda.

Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida kompaniya va QMDB vakillari Oʻzbekiston poytaxtiga yoʻl oladi. Ular Qirgʻizistonning Toshkentdagi elchixonasi koʻmagida mushkul ahvolda qolgan yurtdoshlari bilan uchrashib, tushuntirish ishlarini olib borishi lozim.

Respublika musulmonlari idorasi ziyoratchilar xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish muftiyatning asosiy maqsadlaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.

Bir necha kun oldin umraga yoʻl olgan 104 nafar Qirgʻiziston fuqarosi Toshkentda qolib ketgani — ular 12 noyabrdan beri Saudiya Arabistoniga ucha olmayotgani maʼlum boʻlgan edi. Bundan tashqari, safarni uyushtirgan turoperator har bir yoʻlovchidan qoʻshimcha 400 dollar talab qilmoqda.

Kompaniya mijozlari bunday shartlarga rozi emas. Ziyoratchilarning soʻzlariga koʻra, ular nafaqat chiptalar haqini oldindan toʻlagan, balki turfirmaga dastlab belgilangan mablagʻdan tashqari yana 100 dollardan oʻtkazib berishgan.