HRW Qirgʻiziston hukumatini repost uchun uch yilga qamalgan bishkeklik fuqaroni ozod qilishga chaqirdi

Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti Qirgʻiziston hukumatiga ijtimoiy tarmoqlarda «Kloop» nashri materialini repost qilgani uchun uch yilga koloniyaga hukm qilingan Bishkek shahrida yashovchi Baqtibek Moldaliyevni ozod qilish talabi bilan murojaat qildi. Ushbu bayonot HRW saytida eʼlon qilindi.

Hujjatda bishkeklik fuqaroga chiqarilgan hukm adolatsiz deb atalgan. Shu bilan birga, huquq himoyachilari Markaziy Osiyo respublikasi hukumatidan soʻz erkinligiga tajovuz siyosatini oʻzgartirishni, davlatni tanqid qiluvchilarni bostirish uchun jinoiy odil sudlov tizimidan foydalanishni toʻxtatishni hamda ekstremizm toʻgʻrisidagi qonunlarni isloh qilishni soʻramoqda.

HRW tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻlimi direktori Xyu Uilyamson taʼkidlaganidek, Moldaliyev bilan bogʻliq holat butun Qirgʻizistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga xavotirli signal yoʻllamoqda, chunki istalgan platformada «repost» tugmasini oddiygina bosish qamoq jazosiga olib kelishi mumkin.

Tashkilot 2025 yilning iyul oyida mustaqil OAVga qarshi qatagʻonlar fonida Jinoyat kodeksiga ekstremistik deb topilgan materiallarni tayyorlash va tarqatganlik uchun jazo choralarini kuchaytiruvchi tuzatishlar kuchga kirganini eslatdi. Bunday harakatlar uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlana boshladi. Bundan tashqari, rasmiylar ekstremistik faoliyatga ommaviy chaqiriqlar uchun internet yoki ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni jinoyatlashtirdi, endilikda buning uchun besh yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritilganidan koʻp oʻtmay, ushbu normalar qoʻllangan sud jarayoni oʻtkazildi. Jumladan, 2025 yilning oktyabr oyida Bishkek sudi «Kloop» nashri hammuassisi Rinat Tuxvatshin va surishtiruvchi jurnalist, Temirov Live loyihasi asoschisi Bolot Temirovning faoliyatini, shuningdek, tegishli medialar saytlarida eʼlon qilingan materiallarni «ekstremistik» deb topdi.

11 noyabr kuni Bishkekning Oktyabr tuman sudi mahalliy fuqaro Baqtibek Moldaliyevni «Kloop» nashri xabarini repost qilgani uchun uch yilga koloniyaga hukm qilgani xabar qilingan edi. Huquq himoyachilarining maʼlumotlariga koʻra, qirgʻizistonlik fuqaroning jinoiy taʼqib qilinishiga uning mustaqil nashrlar saytlarini oʻqigani, ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni ochiq tanqid qilgani hamda muxolif OAV materiallarini oʻz sahifalari orqali boshqa foydalanuvchilar bilan boʻlishgani sabab boʻlgan.

Avvalroq Moldaliyevga chiqarilgan hukmga Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) munosabat bildirib, qarorni soʻz erkinligiga bosimning yaqqol koʻrinishi deb atagan edi. Bundan tashqari, tashkilot prezident Sadir Japarov boshqaruvi davrida Qirgʻizistonda soʻz erkinligi izdan chiqqanini va hukumat tomonidan misli koʻrilmagan cheklovlarga duch kelganini taʼkidlagan.