Qirgʻizistonda kam taʼminlangan oilalar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflarni bekor qilish taklif etildi

Qirgʻiziston Energetika vazirligi kam taʼminlangan oilalar uchun elektr energiyasiga beriladigan imtiyozli tariflarni bekor qilib, ularni davlat tomonidan pul koʻrinishidagi kompensatsiya bilan almashtirishni taklif etdi. Respublika hukumatining tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi, deb xabar beradi 24.kg.

Energetika vazirligining tashabbusiga koʻra, oʻzgarishlar 16 yoshgacha boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan va «Үy-bүlөgө kөmөk» nafaqasini olayotgan oilalarga taʼsir qiladi.

Hozirgi vaqtda qirgʻizistonliklarning ushbu toifasi uchun imtiyozli tarif amal qilmoqda — oyiga 700 kVt/soatgacha isteʼmol qilinganda 1 kilovatt-soat uchun 50 tiyin ($0,0057). Rasmiylarning hisob-kitoblariga koʻra, qariyb 41,7 mingta oila elektr energiyasi haqini pasaytirilgan narxlarda toʻlab kelmoqda.


Biroq bunday tizim ijaradagi xonadonlarda yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashaydigan fuqarolar uchun qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Sababi koʻpincha shaxsiy hisobvaraq koʻchmas mulk egasi nomiga ochilgan boʻlib, shu bois nafaqa oluvchilar davlat tomonidan berilayotgan koʻmakdan foydalana olmaydilar.

Ana shunday holatlar Energetika vazirligi uchun amaldagi tartibni oʻzgartirishga sabab boʻldi. Mutasaddilarning rejasiga koʻra, imtiyozli tarif oʻrniga yozda oyiga 588 som ($6,72) va qishda 798 som ($9,13) miqdorida kompensatsiya belgilanadi.

Qonun loyihasida oydinlik kiritilishicha, yozgi davr 1-apreldan 1-oktyabrgacha, qolgan olti oy esa qishki davr hisoblanadi. Shu bilan birga, mavsumiy isteʼmol meʼyorlari ham nazarda tutilgan: yozda 400 kilovatt-soatgacha va qishda 700 kVt/soatgacha.

Soha vazirligi xodimlarining taʼkidlashicha, kompensatsiya toʻlovlariga oʻtish kam taʼminlangan fuqarolarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni saqlab qolish va shaxsiy hisobvaraq kimning nomiga rasmiylashtirilganidan qatʼi nazar, yordamni barcha uchun ochiq qilish imkonini beradi.

Idora elektr energiyasi tariflari oʻzgargan taqdirda, kompensatsiyalar miqdori ham qayta koʻrib chiqilishiga vaʼda bermoqda.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, 2027-yilda kambagʻal oilalarga ajratiladigan tegishli toʻlovlar uchun respublika byudjetidan 381,2 million som ($4,3 mln) talab etiladi.

Qonun loyihasida bitta hisoblagichga ulangan bir nechta xonadon uchun elektr energiyasi toʻlovini hisoblash tartibi ham belgilangani aniqlashtirilmoqda. Mazkur holatda imtiyozli isteʼmol hajmini belgilashda oʻtkazilgan xatlov asosida hisoblash asbobiga ulangan yakka tartibdagi maishiy isteʼmolchilar sonini inobatga olish taklif etilmoqda.

Agar Energetika vazirligining ushbu tashabbusi hokimiyatning barcha bosqichlarida tasdiqlansa, yangi qoidalar 2027-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.