Afg‘oniston sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan jabrlangan ayollar ko‘pincha qutqaruvchilardan o‘z vaqtida yordam olisholmagan. Bunga mamlakatda nomahram erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jismoniy kontaktni taqiqlovchi gender cheklovlar sabab bo‘lgan, deb yozadi The New York Times.
Kunar viloyatining Andarluqqaq qishlog‘ida yashovchi 19 yoshli Oyshaning aytishicha, birinchi qutqaruvchilar ularning qishlog‘iga tabiiy ofatdan 36 soatdan ko‘proq vaqt o‘tib yetib kelishgan. Qutqaruv guruhi yaralangan erkaklar va bolalarni olib chiqib, ularga yordam ko‘rsatishga shoshilishgan, biroq ayollarga tegishmagan. «Ular bizni bir burchakka yig‘ishdi va bizni unutishdi. Hech kim ayollarga yordam berishni taklif qilmadi, nima kerakligini so‘ramadi, hatto yonimizga ham kelishmadi», — deydi Oysha.
Ko‘ngilli Tahzibulloh Muhazebning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruv guruhlari yaqin atrofdagi qishloqlardan qutqaruvchi ayollar kelishini kutgancha, ayollarni vayronalar ostidan olib chiqishdan qochishgan: «Go‘yoki ayollar ko‘zga ko‘rinmasdi». Agar yaqin orada erkak qarindoshi bo‘lmasa, badaniga tegmaslik uchun ayollar jasadlari kiyimlari bilan tortib olingan.
«Ayollar va qizlar bu falokatdan eng ko‘p jayur ko‘rganlar, shuning uchun biz ularning ehtiyojlari yordam va tiklash ishlari markazida bo‘lishini ta’minlashimiz kerak», — deydi BMTning Afg‘onistondagi ayollar bo‘yicha maxsus vakili Syuzan Fergyuson.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yili toliblar* ayollarga tibbiy ta’lim olish va ishlashni taqiqlab qo‘ygan edi, bu esa o‘qimishli ayol shifokorlar va qutqaruvchilarning keskin tanqisligiga olib keldi. Toliblar boshqarayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘zlovchisi Sharafat Zamon Kunar, Nangarhor va Lag‘mondagi shifoxonalarda «eng ko‘p ayol shifokor va hamshiralar» borligini, biroq tanqislik hali to‘liq to‘ldirilmaganini aytadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Afg‘oniston bo‘yicha vakili Mukta Sharmaning Reuters agentligiga aytishicha, Islom Amirligi zilziladan jabr ko‘rgan afg‘on ayollariga tibbiy yordam ko‘rsatishi uchun ayol shifokorlarning harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishi kerak. Shu bilan birga Kunar axborot va madaniyat boshqarmasi boshlig‘i erkak va ayol mutaxassislar zarar ko‘rgan hududlarda cheklovlarsiz ishlashi mumkinligini aytadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha vaziyatga izoh bermagan.
ℹ️ 1 sentyabrga o‘tar kechasi 6 magnitudali zilzila birinchi navbatda Afg‘oniston sharqidagi Kunar, Nangarhor va Lag‘mon viloyatlarining tog‘li hududlarida sodir bo‘ldi. Rasmiy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2200 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 3600 dan ortiq kishi jarohatlangan.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.