O‘zbekiston Afg‘onistonda energetika sohasida 250 mln dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

Qobuldagi konferensiya. O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston Afg‘onistonning energetikasi sohasida 250 million dollar miqdorida loyihalarni amalga oshirishni boshladi. Bu haqda Qobul shahrida energetika sohasida investitsiyalarni jalb qilish va Afg‘oniston energetika sektorini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan birinchi konferensiyada ma’lum qilindi, deb xabar beradi toliblar* hukumatidagi iqtisodiyot masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar Oxund matbuot xizmati va O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Konferensiya «Interkontinental» mehmonxonasida Afg‘oniston hukumati a’zolari, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston Energetika vazirliklari delegatlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida 9123 mVt elektr energiyasini ishlab chiqarish va energiya infratuzilmasi qurish bo‘yicha memorandum, shuningdek, Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) va bir nechta investor kompaniyalari o‘rtasida qo‘shimcha 284 MVt elektr quvvatini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan sarmoyalar hajmi 250 million AQSH dollari miqdorida bo‘lgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Ular 500 kV Surxon – Puli Xumri, Dashti — Alvon va Argandi podstansiyasini modernizatsiya qilish, shuningdek, Shayx Mesri podstansiyasiga qadar 220 kV tarmoqni tortish va ushbu podstansiyani kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Ish tugagandan so‘ng, Afg‘oniston O‘zbekistondan 800 dan 1000 MVt elektr energiyasini olishi kutilmoqda, bu esa mamlakatning energiya infratuzilmasini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Loyihalarni amalga oshirish 2027 yilning birinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov yaqin kelajakda afg‘on kompaniyalari bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyorligini e’lon qildi. Energetikadan tashqari, hamkorlik qishloq xo‘jaligi, sanoat va sog‘liqni saqlash sohasini qamrab oladi.

ℹ️ O‘tgan hafta konferensiyani e’lon qilarkan, DABS unda 22 mamlakat vakillari ishtirok etishini ma’lum qilgandi. Tadbir doirasida kompaniya mahalliy va xalqaro sarmoyadorlar bilan 18 ta shartnoma tuzdi. Shu jumladan — quyosh, gaz va ko‘mir asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish, podstansiyalar va elektr tarmoqlarini rivojlantirish, elektr jihozlarini ishlab chiqarish, shuningdek loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.