Navoiylik ayol odamlarni Rossiya armiyasiga yollashga uringani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etildi

aif.ru sayti fotosurati

Navoiy shahrida yashovchi ayol odamlarni Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiyada qatnashish uchun Rossiya armiyasiga yollashga uringani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan tashqari, Navoiy viloyat sudi apellyatsiya hay’ati birinchi instansiya hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi, deb yozadi Kun.uz.

Ish materiallarida Navoiy shahrida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan N.U. muqaddam firibgarlik jinoyati bo‘yicha sudlanganligi qayd etilgan. 2024 yili u vatandoshlarini RF Qurolli Kuchlari safiga jalb qilish orqali pul ishlashni taklif qilgan odam bilan uchrashadi. O‘zbekistonlik ayol Samara shahriga kelgan, u yerda jinoyatchilar o‘zlarining keyingi harakatlarini rejalashtirishgan. Qayd etilishicha, ayblanuvchi sherigiga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, biroq u alohida protsessga ajratilgan.

Shu yil yanvar oyida ayol vataniga qaytib keladi. Bu yerda u O‘zbekiston fuqarosiga MHOda qatnashishni taklif qilib, oyiga 4000 dollardan 7000 dollargacha pul to‘lanishini va’da qiladi. N.U. yollanma askar yiliga 40 000 dollargacha pul topishi mumkinligini da’vo qilgan.

Keyin ayol «mijoz»ining pasport ma’lumotlarini Rossiyadagi sherigiga yuboradi. Shundan so‘ng u erkakni chegaradan olib o‘tmoqchi bo‘ladi. Ammo Toshkent viloyatidagi «Navoiy» bojxona postida ayol O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Sud jarayonida ayol o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, tavba qilgan va yengillik so‘ragan.

Karmana tuman sudi N.U.ni respublika Jinoyat kodeksining 25-moddasi («Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyatga suiqasd») va yollanma shaxsni yollash, o‘qitish, moliyalashtirishni nazarda tutuvchi 154-moddasi 2-qismi («Yollanish») bilan birgalikda aybdor deb topdi.

Bunday qilmishlar uchun 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilganiga qaramay, sud ayolga nisbatan yengilroq 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.