O‘zbekistonda arzon benzindan voz kechish inflyatsiyaning kuchayishiga olib keladi

repost.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston Markaziy banki joriy yil oxiriga qadar inflyatsiya o‘sishi prognozini yana yomonlashtirdi — 8 foizdan 8,7 foizgacha. Ko‘rsatkich o‘zgarishiga AI-80 rusumli arzon benzin sotuvi to‘xtatilgani ta’sir ko‘rsatgan. Bu faktni Markaziy bank raisi Timur Ishmetov tan oldi, deb yozadi Spot.uz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsion risklar qator tovarlar, jumladan, benzin bilan bog‘liq. Bu omil o‘rta muddatli istiqbolda iste’mol narxlarining umumiy o‘sishiga ta’sir qiladi va bu prognozni tuzishda hisobga olingan.

Ko‘rsatkich o‘zgarishiga tashqi omillar ham ta’sir qilgani qayd etildi. Masalan, O‘zbekistonning faol savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi.

Shu bilan birga, moliya regulyatori rahbari yil boshidan buyon inflyatsiya pasayganini, biroq bu ko‘rsatkich kutilganidan past bo‘lganini ta’kidladi. Va tendensiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Markaziy bank bazaviy stavkani yillik 14% darajasida ushlab turgan.

«Bir tomondan, hozircha uni oshirish uchun asoslar yo‘q, chunki biz inflyatsiyaning yanada sekinlashishini kutyapmiz. Boshqa tomondan, sur’atni pasaytirish uchun ham shartlar yo‘q, chunki ijobiy o‘zgarishlar kechikmoqda», — deya izoh berdi Ishmetov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank bir necha yil avval qo‘yilgan maqsaddan — inflyatsiyani 5 foizgacha pasaytirishdan voz kechmayapti. Biroq, bu maqsadga faqat 2027 yil oxirigacha erishish mumkin bo‘ladi, dedi regulyator rahbari.

ℹ️ O‘zbekistonda 2020 yil rasmiylar inflyatsiyani maqsadlilashtirishga o‘tishni e’lon qilgan edi. Markaziy bank 2023 yilga borib 5 foizga yetishni maqsad qilib qo‘ygan. Shundan so‘ng bu muddat bir necha bor ko‘chirildi.

ℹ️ 2 sentyabr kuni «O‘zbekneftgaz» AJ AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotish to‘xtatilganini ma’lum qildi. Kompaniyaning tushuntirishicha, bunday qaror «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish va ekologik toza yoqilg‘iga o‘tish bo‘yicha davlat dasturi doirasida qabul qilingan. Ichki bozorda o‘sib borayotgan talabni qoplash maqsadida elektron savdoga qo‘yilgan AI-92 benzini hajmi oshirildi.