Poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida 40 yoshgacha bo‘lgan muhandislar o‘rtasidagi respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yakka tartibdagi nominatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan 9 nafar fuqaroga BYD Chazor elektromobillari topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlov joriy yilning may oyidan iyul oyiga qadar uch bosqichda o‘tkazildi. Intellektual tanlovning bosh sovrinlari uchun 1262 nafar yosh muhandis o‘z ishlarini taqdim etdi. Ularning loyihalari innovatsiyalardan foydalanish, samaradorlik, amaliy ahamiyat, rivojlanish imkoniyatlari kabi mezonlarga ko‘ra baholandi.
Muhandislik tanlovi uchta yo‘nalishni o‘z ichiga oldi:
✅ «Eng yaxshi g‘oya»;
✅ «Eng yaxshi loyiha»;
✅ «Eng yaxshi ixtiro».
Tanlov yakuniga ko‘ra, hakamlar hay’ati 28 nafar g‘olibni aniqladi, ulardan to‘qqiz nafariga elektromobillar topshirildi. Nominatsiyalar bo‘yicha ikkinchi o‘rin g‘oliblari hamda «Barqaror rivojlanish uchun eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi g‘oliblariga xorijiy davlatlarda to‘liq haq to‘lanadigan davlat stajirovkalari topshirildi. Uchinchi o‘rin sohiblari 37,5 million so‘m miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni taqdirlash marosimida vazirlik rahbari Qo‘ng‘ratbay Sharipov va Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’lim tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xilola Umarovalar ishtirok etdi.
Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, mazkur tanlov nafaqat yosh muhandislarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini namoyish etish maydoni, balki O‘zbekistonda ilm-fan va texnologiyalarga e’tibor kuchayib borayotganining yorqin namunasiga aylandi.
Tanlov g‘olib va sovrindorlarining ishlanmalari tegishli tarmoqlarda amaliyotga tatbiq etilishi kutilmoqda.
Kuni kecha Respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida muhandislik maktablari tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. Ular universitetlarda qo‘llaniladigan zamonaviy o‘quv dasturini amalga oshiradilar. 2026 yildan esa «Eng yaxshi muhandislik maktabi» tanlovi davlat rahbari sovg‘alari bilan boshlanadi.