Toshkentda «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha musodara qilingan 3,2 million donadan ortiq dori preparatlarini yo‘q qilish ishlari boshlandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi (MIB) O‘zbekiston poytaxti bo‘yicha Bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining ijro varaqasi asosida qaror qabul qilindi. Yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan dorilar orasida «Dok-1 Maks» siropi ham bor, u Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda kamida 68 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan. Jumladan, 811 ming 478 dona «Dok-1 Maks» tabletkalari va 101 ming 669 dona «Dok-1 Maks» siropi, shuningdek, 2 mln. 252 ming 796 dona «Ambronol» tabletkalari, 56 ming 672 dona «Ambronol» siropi tegishli tartibda yo‘q qilinadi.
Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sanitariya epidemiologiya xizmati, ekologiya atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda xolislar ishtirokida zararli dori vositalarini ekologiya va atrof muhitga zarar yetkazmagan holda maxsus pechda yoqish orqali yo‘q qilinmoqda.
ℹ️ 2022 yil kuzidan 2023 yil yanvariga qadar O‘zbekistonda bolalar o‘limi qayd etila boshlandi, bunga Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Dok-1 Maks preparatini qabul qilish sabab bo‘lgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hududida tarqatilayotgan preparat partiyasida etilen glikol topilgan. Davlat xavfsizlik xizmati Dok-1 Maks dori vositasi laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishda me’yoriy hujjatlar talablari qo‘pol ravishda buzilgani, natijada sifatsiz dori vositalarini sotishga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan.
DXX va sud materiallariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi kompaniya va uning o‘zbek distribyutorlari shifokorlar va farmatsevtlarga dorini mahalliy bozorda ilgari surgani uchun katta miqdorda pul to‘lagan. 2023 yil yanvar oyida halok bo‘lgan bolalar soni 68 nafarga yetdi, yana o‘nlab bolalar jarohatlandi, ularning ba’zilari nogiron bo‘lib qoldi.
Sud jarayonida 23 nafar ayblanuvchi ishtirok etdi. 26 fevral kuni sud mazkur preparatni ishlab chiqargan Quramax Medical kompaniya rahbari, Hindiston fuqarosi Ragvendra Pratarni 20 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. O‘zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligining sobiq direktori Sardor Qoriyev 18 yil, uning ikki o‘rinbosaridan biri 16 yil, yana biri 16,5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Ish bo‘yicha qolgan sudlanuvchilarga nisbatan yengilroq jazo tayinlangan.
2025 yil iyul oyida Jizzax viloyatida sakkiz yoshli qizaloq «Dok-1 Maks» dan foydalangani oqibatida nogiron bo‘lib, vafot etdi.