O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatadigan avtoservislar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu topshirik Yangi Namangan tumanidagi «Taraqqiyot» yangi sanoat va xizmat ko‘rsatish zonasiga tashrifi chog‘ida berildi, deb xabar qiladi davlat rahbari matbuot xizmati.
«Mamlakatimizda yangi-yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilyapti. Odamlarning daromadi oshib, mashinalar ko‘payyapti. Lekin servis bo‘yicha hali imkoniyat ko‘p. Masalan, chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatish yetarli darajada emas. Buni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligi va xizmat sifatini ta’minlash mumkin», – dedi prezident.
Shu bois, u bunday servis markazlarini boshqa tumanlarda ham tashkil etish, malakali ustalarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
«Taraqqiyot» zonasi 10 gektar maydonda tashkil etilgan va 113 ta loyihani birlashtirgan. Ularning barqaror ishlashi uchun budjet hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yo‘llar kabi zarur infratuzilma barpo etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Taraqqiyot»da ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning yillik hajmi qariyb 500 milliard so‘mni (taxminan 40 million dollar) tashkil etadi. Sanoat zonasida 4800 ish o‘rni yaratilgan. Loyihaga qo‘shni mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etilib, 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Prezident sanoat zonasida ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mahalliy sanoatni rivojlantirib, tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tajriba orttirib, ish topishiga ko‘maklashish vazifalari qo‘yildi. Davlat rahbari obyektlarda mehnatni muhofaza qilish me’yorlariga qat’iy rioya qilish, yong‘in va texnik xavfsizlikni ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.
ℹ️ 2023 yil avgust oyida O‘zbekiston hukumati chet el avtomobillarini import qilishni soddalashtirib, ularni nafaqat ishlab chiqaruvchilar dilerlariga, balki boshqa import qiluvchilarga ham sotishga ruxsat berdi. Shundan so‘ng, kompaniyalar va jismoniy shaxslar mamlakatga avtomobillarni faol ravishda olib kira boshladilar — asosan Xitoydan. Natijada, 2023 yil oxiriga kelib, avtomobil importi 2,42 baravarga oshib, undan oldingi yildagi 30,25 mingtadan 73,2 mingtaga yetdi. 2024 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga 1,28 milliard dollarlik 74,7 mingta xorijiy avtomobil import qilingan. 2025 yilning olti oyida respublikaga umumiy qiymati 422,1 million dollarlik 24,3 ming dona yengil avtomobil yetkazib berildi.


