O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun uchta davlat roziligini olish qoldi

yuz.uz sayti fotosurati

Argentina, Avstraliya va Gonduras O‘zbekiston bilan o‘z bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama protokollarni imzoladi va shu orqali Markaziy Osiyo respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zoligini ma’qulladi. Jarayonni yakunlash uchun yana uch davlat bilan ana shunday kelishuvlar tuzilishi kerak, deb yozadi O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov LinkedInda (RF hududida bloklangan ijtimoiy tarmoq).

Rasmiyga ko‘ra, yuqorida tilga olingan davlatlar bilan muzokaralar shu hafta Jenevada bo‘lib o‘tgan. Unda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etgan.

O‘runov imzolangan protokollar respublikaning ko‘p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi qo‘llab-quvvatlanayotgani va hamkorlik kuchayib borayotganidan yaqqol dalolat ekanini ta’kidlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvga erishilgan, aynan kimlar bilan ekaniga aniqlik kiritmagan.

«Har bir imzo O‘zbekistonni JSTga to‘laqonli a’zolikka yaqinlashtiradi. Bu muhim bosqich iqtisodiyotimiz, mintaqamiz va butun dunyo bo‘ylab savdo hamkorlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bitim imzolagan davlatlar soni hozirda 29 taga yetdi, yana ikkita prinsipial kelishuv bor. Ikki tomonlama muzokaralarni to‘liq yakunlashi kerak bo‘lgan atigi 3 ta davlat qoldi», — deb yozadi O‘runov.

Prezident vakili O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun roziligi talab qilinayotgan savdo tashkilotining qolgan a’zolari nomini aytmagan.

Biroq, ularning orasida Rossiya va Yevropa Ittifoqi bo‘lishi kerak. Chunki joriy yil mart oyida Moskvada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida bozorga chiqish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilingani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston rasmiylari o‘shanda tomonlar jarayonni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlashgan. Biroq tegishli hujjatlarning imzolanishi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

O‘sha oyda Yevropa Ittifoqi vakillari bilan maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan, biroq tovarlar bo‘yicha ham shunga o‘xshash ishlarni qilish qolgandi. «Yaqin oylarda» Yevropa Ittifoqining roziligini olish rejalashtirilgan edi.

May oyida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev 2026 yilning mart oyida Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-Vazirlar konferensiyasigacha mamlakat JSTga a’zo bo‘lish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

ℹ️ O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yili ariza bergan va 2005 yil oktyabr oyida Andijon voqealari ortidan jarayon to‘xtatilgunga qadar ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazilgan. Mamlakat rasmiylari o‘z qonunchiligini tashkilot talablariga javob beradigan tarzda tuzatishni davom ettirdi va 2017 yili a’zo bo‘lishga oid ishlar qayta boshlandi.

ℹ️ JST — mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni tartibga soluvchi global xalqaro tashkilot. Bitimlar asosini uning a’zolariga ma’lum savdo huquqlarini kafolatlaydigan shartnomalar tashkil etadi. Tashkilotga a’zo bo‘lish uchun xorijiy hamkorlarga savdo to‘siqlarini kamaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun proteksionizmdan voz kechishni talab qiladi.