Uzbekistan Airways kompaniyasi Boeing korporatsiyasi bilan 14 ta Boeing 787-9 samolyoti va ushbu turdagi sakkizta havo kemasini opsion sifatida olish (xaridorga aktivni ma’lum narxda sotib olish huquqini, lekin majburiyatini bermaydigan bitim) bo‘yicha shartnoma imzoladi. O‘zbekiston aviatashuvchisi xabariga ko‘ra, yangi samolyotlarni yetkazib berish 2031 yili boshlanadi.
Keng fyuzelyajli samolyotlar parkini kengaytirish Uzbekistan Airwaysga asosiy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini ko‘paytirish, reyslar jadvalini barqarorlashtirish hamda marshrutlar tarmog‘ini rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa Markaziy Osiyoni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan bog‘laydi. Loyiha milliy rivojlanish dasturi — «O‘zbekiston–2030» maqsadlariga javob beradi va aviakompaniyaning strategik vazifasi — Toshkentni mintaqaning yetakchi xalqaro tranzit xabiga aylantirish maqsadiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi Dreamliner samolyotlarini o‘n yil davomida, xususan, qit’alararo parvozlarda muvaffaqiyatli ishlatib keladi.
«Yangi shartnoma imzolanishi bilan biz mamlakatimiz va Uzbekistan Airwaysning Markaziy Osiyoda yetakchi aviatashıuvchi sifatidagi nufuzini mustahkamlaymiz hamda yo‘lovchilarimizga yanada kengroq xalqaro bog‘lanishni taqdim etamiz. Bu qadam bizning barqaror rivojlanishga qaratilgan strategiyamizni va istiqbolli maqsadlarimizni yana bir bor tasdiqlaydi», — dedi Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov.
AQSH prezidenti Donald Tramp kelishuvni yuqori baholab, Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasidagi shartnoma qiymati 8 milliard dollardan ortiq ekanini ta’kidladi. Oq uy rahbari kelishuvni «ajoyib» deb atadi va o‘zbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyevni ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi.
«Prezident Mirziyoyev — bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalarda hamkorlikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tibor qaratganingiz uchun tashakkur», — deb yozgan Tramp ijtimoiy tarmoqda.
Markaziy Osiyo yetakchisi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Mirziyoyev 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda ish kunini qizg‘in o‘tkazgan, Amerika biznesi va xalqaro moliya institutlari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgan. Xususan, u Boeing Global kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston rahbarining AQSHga bu galgi tashrifi chog‘ida imzolangan Boeing samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma va uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi qayd etdilar.


