23 sentyabrga o‘tar kechasi Krasnoyarsk o‘lkasida xavfsizlik kuchlari o‘zbek xonandasi Jaloliddin Axmadaliyevning konsertiga tashrif buyurgan mehnat migrantlari ustidan reyd o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnoyarsk o‘lkasi bo‘yicha bosh boshqarmasi matbuot xizmati va newslab.ru sayti xabar berdi.
Yemelyanovskiy tumanidagi Solonsi qishlog‘idagi «Korona» banket zalida o‘lka politsiyasi, Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Milliy gvardiyasi maxsus kuchlari tomonidan keng ko‘lamli reyd o‘tkazilgan. Reyddan ko‘zlangan maqsad RFda noqonuniy yashayotgan chet el fuqarolarini aniqlash va ularning giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligini aniqlashdan iborat bo‘lgan.
«Korona»dagi konsertga 620 ga yaqin kishi tashrif buyurgan, ulardan 210 nafari chet ellik bo‘lgan. Xavfsizlik kuchlari har bir mehmonni sinchiklab tekshirgan, biroq taqiqlangan moddalar yoki narsalarni topmagan.
IIV bosh boshqarmasi tarqatgan videoga ko‘ra, zalda ko‘plab ayollar va bolalar bo‘lgan. Rosgvardiya xodimlari ziyofat zalidagi odamlarni xizmatchi itlar yordamida hujjatlarini tekshirishgan va tintuv o‘tkazishgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari nazorati ostida bir guruh erkaklar saf tortilib, keyin zaldan chiqarib yuborilgani ham videoga olingan. Ayrim odamlarni qo‘llarini qayirgan holda politsiya mikroavtobusiga majburan o‘tqazishgan.
Reyddan so‘ng 26 nafar xorijlik qo‘shimcha tekshiruv va huquqiy holatni aniqlash uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan sakkiz nafari migratsiya qonunchiligini buzgan holda Rossiyada bo‘lgan. Ular qaysi mamlakat fuqarolari ekaniga aniqlik kiritilmagan.
Reyddan so‘ng politsiya 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzgan: Ma’muriy kodeksning 18.8-moddasi («Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan RFga kirish va yashash qoidalarini buzish») bo‘yicha o‘ntasiga nisbatan, 18.11-moddasi («Immigratsiya qoidalarini buzish») bo‘yicha uchtasiga va oltitasiga 18.9-moddasi («Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning RF hududida bo‘lish qoidalarini buzish») bo‘yicha. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 322.3-moddasi («Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni soxta ro‘yxatga olish») bilan 3 ta ish ochilgan. Mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deya aniqlik kiritadi IIVning o‘lka bo‘yicha bosh boshqarmasi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi voqea yuzasidan munosabat bildirdi.
«Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborildi. Ayni paytda mazkur holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilmoqda», — deyiladi Agentlikning 24 sentyabrda e’lon qilgan xabarida.
ℹ️ O‘tgan yozda Moskvada O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan migrantlarning ommaviy hibsga olinishi bilan bog‘liq kamida ikkita shov-shuvli voqea kuzatilgandi. Iyun oyida Moskva xavfsizlik kuchlari migrantlar yotoqxonasida shiddatli reyd o‘tkazib, bir necha kishini immigratsiya qoidalarini buzganlikda gumon qilib hibsga olgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llab, voqea yuzasidan izoh va xavfsizlik kuchlarining harakatlariga huquqiy baho berishni so‘ragandi. Avgust oyida xuddi shu sabab bilan Moskvaning markazida Paveletskiy vokzali yaqinida joylashgan yotoqxonada o‘tkazilgan reyd chog‘ida 300 nafar chet el fuqarosi qo‘lga olingan edi.


