Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva raisligida «Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish bo‘yicha global harakat» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning ko‘plab yetakchilarining rafiqalari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zbekiston rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Forum Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va St.Jude nomli bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuvda deyarli barcha qit’alardan birinchi xonimlar, jumladan Turkiya, Ozarbayjon, Angola, Vetnam, Gvatemala, Serbiya va boshqa davlatlar prezidentlarining rafiqalari ishtirok etdi.
Forum rahbari sifatida Ziroat Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyatni saraton kasalligiga chalingan bolalarning omon qolish darajasini oshirish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Asadovning ta’kidlashicha, jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan muammoga bag‘ishlangan mazkur tadbir O‘zbekiston tarixida birinchi marta bunday yuksak saviyada tashkil etildi va ko‘plab davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar e’tiborini tortdi.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkka tashrifining so‘nggi kunida bir nechta uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, u o‘z qarorgohida AQSH Kongressi a’zosi, Vakillar palatasidagi «O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus» raisi Trent Kelli va Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Bobbi Jinni qabul qildi.
Tomonlar har ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanayotgani, «Kokus» tarkibi kengayayotgani, Markaziy Osiyo respublikasi va Missisipi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, gumanitar va madaniy aloqalar mustahkamlanayotganini qayd etdilar. Muzokaralar yakunida Amerika delegatsiyasining Toshkentga javob tashrifi tafsilotlari kelishib olindi.
Mirziyoyev AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, Amerika universitetlarida tahsil olayotgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi sovrindorlari bilan ham uchrashdi.
Davlat rahbarining suhbatdoshlari AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. Masalan, mazkur takliflar iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi texnologiyalarni qo‘llash, tibbiyot, transport va logistika sohalarida innovatsiyalarni rag‘batlantirish, mamlakatda marketpleyslarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Prezident bu tashabbuslar tegishli vazirliklar tomonidan ko‘rib chiqilishi, eng istiqbolli g‘oyalar hayotga tatbiq etilishini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan vatandoshlar va yoshlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratishga qaratilgan «Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni»ga start berildi.
O‘zbekiston prezidenti AQSHda «El-yurt umidi» stipendiatlari soni 500 nafardan oshganiga alohida e’tibor qaratdi. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va tajribasini ona yurtda qo‘llash uchun imkoniyat yaratish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka tashrifi yakunlandi va prezident rafiqasi bilan Toshkentga jo‘nab ketdi.


