Xorazmda Markaziy Osiyo uchun noyob sanalmish aviayoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi quriladi

alliedbiofuels.com sayti fotosurati

Allied Biofuels xorij kompaniyasi Xorazm viloyatining To‘prakqal’a tumanida 5,9 milliard dollarlik ekologik toza aviayoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod quradi. Obyekt Markaziy Osiyodagi birinchi to‘liq integratsiyalangan bioqayta ishlash zavodi bo‘ladi, deya xabar beradi kompaniya «Gazeta.uz» nashriga.

Loyiha bo‘yicha shartnoma Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiya forumida kompaniya rahbari Alfred Benedikt va Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov tomonidan imzolandi. Jumladan, hujjatga ko‘ra, viloyat hokimligi zavod uchun yer ajratib, sanoat obyektini suv bilan ta’minlashga va’da bergan.

Zavod yiliga 382 ming tonna barqaror aviayoqilg‘i (SAF), 152 ming tonna elektro-sintetik SAF (e-SAF) va 11 ming tonna qayta tiklanuvchi («yashil») dizel ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Oxirgisini ishlab chiqarish 2 GVt quvvatga ega elektrolizyorlar yordamida olinadigan vodorod hisobiga ta’minlanadi.

Loyiha O‘zbekistonning 2030 yilgacha uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha milliy iqlim strategiyasiga mos kelishi ta’kidlanadi.

«Nol ajralmali yoqilg‘i ishlab chiqarishning sanoat miqyosida yo‘lga qo‘yilishi transport va sanoatda qazilma yoqilg‘idan foydalanishni kamaytiradi, issiqxona gazlari ajralib chiqishini qisqartiradi va mamlakatning «yashil» energetikaga o‘tish jarayonini tezlashtiradi», — deydi Allied Biofuels vakillari.

Benedikt o‘zbek rasmiylari bilan imzolangan shartnomani sharhlar ekan, shartnomani kompaniya uchun «tarixiy voqea» deb atadi. Rahimov, o‘z navbatida, tadbirkorga tanlovi uchun minnatdorlik bildirib, mazkur loyiha Xorazmning «yashil» energiya markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashi, yuzlab ish o‘rinlari yaratilishi, viloyat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Allied Biofuels xorij kompaniyasi O‘zbekistonda iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning rahbari Alfred Benedikt ayni paytda Avstraliyaning Allied Green Ammonia kompaniyasining ham boshlig‘i hisoblanadi.

Aprel oyida O‘zbekistonning Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ushbu kompaniya bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagandi. O‘shanda Markaziy Osiyo davlatida qayta tiklanadigan energiya va biomassadan foydalangan holda karbamid, aviatsiya yoqilg‘isi va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqaradigan zavod qurish rejalari muhokama qilingan edi. Ta’kidlanishicha, xorijiy kompaniya loyihaga 5,5 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor.

Joriy yilning 12 sentyabr kuni Xorazm viloyati hokimiyati O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga avstraliyalik hamkorlarning To‘prakqal’a tumanida ekologik toza avia yoqilg‘isi va «yashil» dizel yoqilg‘isi ishlab chiqaruvchi zavod qurish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Biroq, o‘shanda sarmoya 820 million dollarni tashkil etishi aytilgandi. Shuningdek, zavodni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 5500 gektar maydonga 4 GVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish zarurligi qayd etilgandi.