Enter Engineering O‘zbekistondagi birinchi AESni qurish bo‘yicha subpudratchi etib tayinlandi

AES qurilish maydonida. podrobno.uz sayti fotosurati

Enter Engineering kompaniyasi O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish bo‘yicha subpudratchi etib tayinlandi. Bu haqda AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan bo‘lajak stansiya maydonchasiga uyushtirilgan press-tur doirasida ma’lum qildi, deb yozadi Podrobno.uz.

Loyihaning bosh pudratchisi Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bo‘lib, u texnologik ta’minot, xavfsizlik standartlariga rioya qilish va ishlarni umumiy muvofiqlashtirish uchun javobgar bo‘ladi. Enter Engineering obyektdagi qurilish-montaj ishlariga javob beradi.

Qalmuratovning so‘zlariga ko‘ra, subpudratchi korxonaning zarur ishlab chiqarish quvvati va texnik resurslari mavjudligidan kelib chiqqan holda tanlov asosida tanlab olingan.

«Enter Engineering — o‘z avtoparki, malakali mutaxassislari va loyiha institutlariga ega O‘zbekistondagi yirik qurilish kompaniyalaridan biri. Ya’ni, kompaniya barcha zarur ishlarni bajara oladi», — dedi direksiya rahbari.

Ayni paytda AES majmuasi uchun ajratilgan yer uchastkalarida muhandislik tarmoqlari o‘rnatilmoqda, materiallar va asbob-uskunalar yetkazib berish uchun logistika yo‘nalishlari tayyorlanmoqda, yirik inshootlar uchun ixtisoslashtirilgan yig‘ish bazasi yaratilmoqda.

AES ishchilari uchun «atomchilar shahri» quriladi, buning uchun 100 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu 3000 kishigacha mo‘ljallangan yagona sanoat shaharchasi bo‘ladi.

«U yashil shahar sifatida, xavfli texnologiyalardan foydalanmasdan, o‘zimizning [AES] elektr energiyasidan foydalanishni hisobga olgan holda barpo etilishi rejalashtirilgan», — dedi Qalmuratov. Uning qo‘shimcha qilishicha, atomchilar shahrida ilg‘or maktablar, shifoxonalar va muhandislik maktablari quriladi.

Qalmuratovning so‘zlariga ko‘ra, qurilishning turli bosqichlarida 20 mingga yaqin kishi jalb etilishi rejalashtirilgan, mutaxassislarning 70 foizini O‘zbekiston taqdim etadi — bu Rossiya tomoni bilan kelishuvlarda ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, direksiya rahbari tayyorgarlik ishlari respublika budjeti hisobidan moliyalashtirilayotganini, bu esa belgilangan barcha muddatlarning barqaror bajarilishini ta’minlayotganini ma’lum qildi. Biroq, u loyihaning aniq qiymatini oshkor qilmagan.

Avvalroq, Jizzax viloyatidagi birgina maydonda quvvati 2 GVt bo‘lgan yirik atom elektr stansiyasi va quvvati 110 MVt bo‘lgan kichik AES qurilishi rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.

ℹ️ O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida, jumladan, O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik bitimi 2017 yil dekabrida imzolangan edi. Qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan birinchi energoblok 2028 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. O‘shanda AES majmuasi har biri 120 MVt quvvatga ega ikkita energoblokdan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi.

«Rosatom» bilan kichik atom elektr stansiyasini loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha yangi shartnoma — 2024 yil 27 may kuni Toshkentda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi chog‘ida imzolangandi. KAES birinchi betonini quyish 2026 yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangan.