Rossiya O‘zbekiston uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qoladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi davlat rahbarlari sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Mirziyoyev ikki mamlakat xalqlarining umumiy tarixi, ko‘p asrlik rishtalari, madaniy va ma’naviy yaqinligi hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, geosiyosiy keskinlik va global iqtisodiy inqirozlar mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun yanada yaqinroq muvofiqlashtirishni talab qiladi.
O‘zbekiston prezidenti har yili oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, hukumat, vazirlik va mintaqaviy darajada muntazam muloqotlar o‘tkazishni taklif qildi. U 2027 yilgacha qo‘shma harakatlar rejasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi, biroq hukumatlarga batafsilroq yo‘l xaritasini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berishni va kelishuvlar bajarilishini nazorat qilish uchun bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishni taklif qildi.
Mintaqaviy xavfsizlik masalalari borasida Mirziyoyev terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikga qarshi kurashda razvedka idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, kibertahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi. Afg‘onistonni rivojlantirishga yondashuvlarni muvofiqlashtirish uchun xavfsizlik masalalari va iqtisodiy loyihalarni muhokama qilish uchun yuqori darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazishni ko‘rib chiqish taklif etildi.
Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy sheriklikni tubdan kengaytirishni hamkorlikdagi ishning asosiy yo‘nalishi sifatida belgilab berdi. Uning qayd etishicha, noqulay iqtisodiy vaziyatga qaramay, O‘zbekistonning Rossiya va mintaqa davlatlari bilan savdo aylanmasi o‘tgan va joriy yilda 15 foizga oshgan. Shu munosabat bilan tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish, jumladan, o‘zaro bozorga kirishni osonlashtirish va «Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspress» loyihasini ishga tushirish taklif etildi.
Mamlakatlarning tranzit-transport salohiyatidan, birinchi navbatda, «Shimol–Janub» yo‘lagi doirasida samarali foydalanish hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi. Mirziyoyev avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlar Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif qildi.
Sanoat kooperatsiyasi sohasida Mirziyoyev gaz-kimyo sanoati va misni qayta ishlash markazini yaratish bo‘yicha yirik loyihalarni keltirdi. U ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun Buxoroda «Markaziy Osiyo – Rossiya» sanoat injiniring markazini tashkil etish hamda Toshkentda o‘tkaziladigan «Innoprom. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmali forum imkoniyatlarini yuqori darajada ishga solish muhim ekanini qayd etdi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ko‘rgazma 35 davlatdan 10 mingdan ortiq ishtirokchini jamlagan, natijada 5 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgan.
Mirziyoyev energetika sohasidagi hamkorlikni mintaqa barqarorligi omili sifatida tilga oldi. U O‘zbekistonda bo‘lajak atom elektr stansiyasining birinchi reaktor bloki va ko‘p funksiyali Yadro tibbiyoti markazini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaqinda boshlanishini ma’lum qildi.
Mirziyoyev, shuningdek quyidagilarni taklif qildi:
▪️ Atom energetikasi bo‘yicha Mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish;
▪️ Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali bazasida kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish;
▪️ «Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi» kompleks dasturini ishlab chiqish;
▪️ «Skolkovo» markazi filialini ochish;
▪️ Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini ta’sis etish;
▪️ O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 15 ta filialini o‘zining intellektual bazasi sifatida jalb qilishi mumkin bo‘lgan «Kelajak muhandislari» ilmiy-ta’lim konsorsiumini yo‘lga qo‘yish va yosh olimlar uchun maxsus grant dasturini tashkil etish;
▪️ Har yili Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodi festivalini o‘tkazish.
ℹ️ 9 oktyabr kuni Dushanbe shahrida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligida «Markaziy Osiyo-Rossiya» formatidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Rahmon va Mirziyoyevdan tashqari Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi.


