Osiyo taraqqiyot banki (OTB) davlat sektori samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni rag‘batlantirish va mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini jadallashtirishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi, deb xabar beradi OTB matbuot xizmati.
Kredit Iqtisodiyotni boshqarish tizimini takomillashtirish dasturi (2-bosqich) doirasida taqdim etilgan bo‘lib, u ilgari boshlangan islohotlarni davom ettiradi va mamlakatning iqtisodiy muhitini yanada raqobatbardosh, inklyuziv va barqaror qilishga qaratilgan institutsional chora-tadbirlarning yangi avlodini qo‘llab-quvvatlaydi.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya OTB strategik hamkor sifatida O‘zbekiston hukumatini iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yo‘lida qat’iy qo‘llab-quvvatlashini hamda Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish va jahon iqtisodiyotida yanada chuqurroq ishtirok etish sari intilayotgan mamlakatning to‘liq salohiyatini ochib beradigan islohotlarni ilgari surish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Dastur aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
▪️ Davlat-xususiy sheriklik (DXSH)da davlat investitsiyalarini tartibga soluvchi yagona qoidalarni qabul qilish;
▪️ Raqobatni kuchaytirish va investitsiyalarni boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan qonun hujjatlarini qabul qilish;
▪️ Boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, gender vakillik maqsadlarini belgilash va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish majburiyatini yuklash orqali davlat korxonalarini boshqarishni modernizatsiya qilish.
Islohotlar soliqqa tortish bazasini kengaytirish va soliq sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ham qaratilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi, audit tizimlari modernizatsiya qilinadi. Dastur shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash uchun milliy qonunchilikni jahon savdo va investitsiya standartlariga moslashtirishga chaqiradi.
Dasturda islohotlarning ijtimoiy ta’siri ham hisobga olingan. Ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga iqtisodiyotni qayta qurish ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar kiritilgan. Bu kafolatlar islohotlar samarasining adolatli taqsimlanishini ta’minlashi va uzoq muddatli ijtimoiy hamjihatlikka ko‘maklashishi kerak.
2025 yili OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligi nishonlanadi. 1995 yili bankka qo‘shilganidan buyon respublika OTBdan 14,6 milliard dollar kredit, grant va texnik yordam olgan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

