Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudi metan yoqilg‘i quyish shoxobchasining yopilishiga qarshi norozilik bildirgan ikki shaxsga nisbatan hukm chiqardi. Ayblanuvchilardan biriga 5,5 yil, ikkinchisiga 3,5 yil qamoq jazosi tayinlandi, deb yozadi Podrobno.uz.
Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchilar Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashovchi 33 va 40 yoshli fuqarolar bo‘lgan.
Jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan voqea shu yilning mart oyida sodir bo‘lgan. Metan yoqilg‘i quyish shoxobchasi yopilganidan norozi bo‘lgan erkaklar norozilik aksiyasini tashkil etishga qaror qilishadi.
Ulardan biri Telegramda Toshkentni Termiz bilan bog‘lovchi M-39 avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘yishga chaqiruvchi videoni joylashtirgan. Ayblanuvchi shu yo‘l bilan muammoga rasmiylar e’tiborini qaratishga va ularni yoqilg‘i quyish shoxobchasini qayta ochishga majbur qilishga uringan.
Ertasi kuni ikkala ayblanuvchi gaz quyish stansiyasiga yetib kelib, navbatda turgan haydovchilarni yo‘lni to‘sib qo‘yishga undagan. Oxir-oqibat yuk mashinalari yo‘lni to‘sib, tirbandlikni hosil qilgan va atrofga olomon yig‘ilgan.
Huquq-tartibot idoralari norozilik aksiyasi tashabbuskorlarini hibsga olgan. Sud 33 yoshli erkakni norozilikning asosiy qo‘zg‘atuvchisi deb topdi. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 140-moddasi («Haqorat»), 244-moddasi («Ommaviy tartibsizliklar»), 244-1 («Jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish») da nazarda tutilgan jinoyatlar uchun 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Uning sherigi faqat ommaviy tartibsizliklarda ayblanib, 3,5 yilga qamaldi. Har ikkisi jazoni umumiy rejimdagi koloniyada o‘taydi.
Aniqlik kiritilishicha, sudlanuvchilar birinchi instansiya hukmi ustidan Toshkent viloyat sudiga shikoyat qilish huquqiga ega.
ℹ️ Metan — O‘zbekistonda eng ommabop yoqilg‘i bo‘lib, uni haydovchilarning 60% dan ortig‘i ishlatadi. Bundan tashqari, u benzinga qaraganda ancha arzon.
Shu bilan birga, respublikada gaz quyish shoxobchalarida, ayniqsa sovuq tushishi bilan vaqti-vaqti bilan uzilishlar kuzatiladi. Misol uchun, 2024 yil fevral oyida elektr uzatish liniyasidagi katta avariyadan so‘ng hukumat mamlakatdagi barcha gaz quyish shoxobchalarini yopib qo‘ydi. Ikki haftadan so‘ng ularning faoliyati qayta tiklandi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

