O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish yakunlari, xususan, mamlakatda birinchi BRT (Bus Rapid Transit) tizimini ishga tushirish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston uchun ushbu yangi tizim rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda joriy etildi va shu yilning 7 oktyabr kuni ishga tushirildi. Bu tizim jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulayliklarni yaxshilaydi.
Qayd etilishicha, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr yo‘l rekonstruksiya qilindi. Endilikda 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi. Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, umumiy qiymati 19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yo‘lovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil o‘tkazish imkoniyati yaratilib, o‘rtacha tezlik soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga yetkazildi. Eng muhimi, xavfsizlik yaxshilandi, yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamaydi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta «aqlli» svetofor o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar to‘xtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan. Shuningdek, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari barpo etildi.
«Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtayi nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz», — dedi Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.
Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan samimiy suhbatlashdi.
ℹ️ Bus Rapid Transit — avtobusning tezkor tranzit tizimi bo‘lib, u ajratilgan yo‘laklarni, svetoforlarda ustuvorlikni, zamonaviy avtobus bekatlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. BRTning barcha funksiyalari birinchi marta 1974 yili Braziliyaning Kuritiba ko‘chalarida ishga tushirilgan. Xuddi shunday loyihalar hozirda dunyoning 200 ga yaqin shahrida amalga oshirilgan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

