Rossiya armiyasi bilan ikki marta shartnoma imzolagan O‘zbekiston fuqarosi 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ikki marta shartnoma tuzgan va Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashovchi fuqaro 3 yilu bir oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allorol tuman sudining ish materiallariga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Mahkum B.M. avvallari O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida xizmat o‘tagan: 2010 yildan Andijon viloyatidagi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan. 2018 yilning fevraligacha bir qancha harbiy qismlarda haydovchi bo‘lib ishlagan, shundan so‘ng xizmatdan bo‘shab, Moskvaga ishlagani ketgan. U 2021 yil may oyida uyiga qaytgan, ammo 2023 yilning may oyida yana Rossiyaga qaytgan.

2023 yil iyul oyida B.M. Rossiya armiyasiga ishga qabul qilish haqidagi e’longa javob bergan. U bunday qarorga sabab sifatida maoshlarning kechikishi va qurilish hajmining qisqarishi bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklarni ko‘rsatgan. O‘zbekiston fuqarosi o‘zining birinchi shartnomasini imzolaganidan so‘ng Tolyatti (Samara viloyati) yaqinidagi harbiy qismga jo‘natilgan va u yerda uch oylik tayyorgarlikdan, jumladan, AK-74 avtomatidan o‘q otish amaliyotidan o‘tgan. 2023 yil oktyabr oyida u Lugansk viloyatining Mirnoye qishlog‘iga yuborilgan va u yerda yoqilg‘i, oziq-ovqat va kiyim-kechak yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u janglarda qatnashmagan.

2024 yil may oyida o‘zbekistonlik Rossiya fuqaroligini olgan. O‘sha yilning iyul oyida uning shartnomasi muddati tugaydi va u Rossiya xorij pasportini oladi. Rossiya tomonidan e’lon qilingan maxsus harbiy operatsiyada (MHO) ishtirokini yashirish uchun u O‘zbekiston xorijga chiqish pasportini yaroqsiz holatiga keltiradi.

Xizmat davrida B.M. oylik maoshi olgan: birinchi olti oyda har oyiga 43 500 rubldan, keyingi olti oyda har oyiga 210 000 rubldan. U ushbu mablag‘lar hisobiga Kaluga viloyatining Duminichskiy tumanida ikki xonali kvartira sotib olgan.

Birinchi shartnoma muddati tugagach, u Moskvadagi qurilish ishlariga qaytadi, ammo 2025 yil fevral oyida yana ish hajmi qisqarishiga duch kelib, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ikkinchi shartnomasini imzolaydi. Bu safar u Sevastopoldagi dengiz mudofaasiga ixtisoslashgan harbiy qismga yuboriladi. U yerda B.M. Ukraina dronlaridan qanday himoyalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar oladi. 2025 yil mart oyida tish og‘rig‘ini bahona qilib, davolanish uchun Moskvadagi harbiy gospitalga boradi va O‘zbekistonga qaytishdan oldin deyarli bir oy o‘sha yerda bo‘ladi.

B.M. mahalliy aholidan biri uning Rossiya armiyasida xizmat qilganini ma’lum qilganidan so‘ng qo‘lga olingan. Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, B. M. xizmat davrida «Jangovar harakatlardagi ishtiroki uchun», 2-darajali «Jasorat uchun» va «Maxsus kuchlar» medallari bilan taqdirlangan.

Sud majlisida B. M. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va qilmishidan pushaymon bo‘lganini aytgan. Sud boshqa davlat fuqaroligini olish O‘zbekiston fuqarosini milliy qonunchilikka ko‘ra jinoiy javobgarlikdan ozod etmasligini ta’kidlagan. Sud hukm chiqarishda yengillashtiruvchi holatlar – o‘z aybiga iqrorligi, to‘rt nafar farzandi va keksa ota-onasi borligini inobatga olgan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi («Yollanish») va 228-moddasi 2-qismi «a» bandi («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, ularni sotish yoki ulardan foydalanish») bilan jazo tayinlangan. B. M. jazoni umumiy rejimdagi koloniyada o‘taydi.