O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Saudiya Arabistonining Data Volt kompaniyasi bilan hamkorlikda quriladigan 12 megavatt quvvatga ega data-markaz qurilishini boshlab berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
21 oktabr kuni Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkga tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
150 million dollarlik data-markaz loyihaning ikkinchi bosqichining markaziy elementi bo‘ladi. Ma’lumotlar markazining umumiy quvvatini 500 MVtga oshirish uchun qo‘shimcha 3 milliard dollar sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, IT-Park hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi. Mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan «Sun’iy intellekt xabi»ga aylanadi.
IT-parkning birinchi bosqichi 2023 yili 200 million dollar sarmoya bilan yakunlandi. Taxminan 4 gektar maydonda oltita ofis binosi va kongress-xoll qurildi.
Bugungi kunda 3200 kompaniya IT-park rezidentlari bo‘lib, ularda 14000 dan ortiq mutaxassis ishlaydi. 2024 yili ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 1,6 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Xizmatlar eksporti birinchi marta 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Loyiha 300 mingdan ortiq kishini axborot texnologiyalari sohasida yuqori maoshli ish bilan ta’minlashga qaratilgan «O‘zbekiston 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Xorijiy ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning birgina sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati 10 milliard dollarga baholanmoqda, deya ta’kidlaydi prezident matbuot xizmati.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

