O‘zbekiston prezidenti «Sun’iy intellekt alyansi» tashkil etilishini ma’lum qildi

O‘zbekistonda «Sun’iy intellekt alyansi» tuziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Alyans ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan holda yetakchi kompaniyalar, banklar, oliy o‘quv yurtlari, davlat korxonalari, shuningdek, xorijiy ekspertlar va hamyurtlarni birlashtiradi. Tashkilotning asosiy maqsadlari xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, PR-kampaniyalar orqali o‘zbek dasturlarini targ‘ib qilish, mahalliy mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazma, forum va anjumanlarda ishtirok etishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi. Alyansning 2030 yilga borib sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi 50 davlat qatoriga kirish maqsadiga erishishga yordam berishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Mirziyoyev insoniyat «sun’iy intellekt davri»ga qadam qo‘yayotganini, sun’iy intellekt texnologiyalari hayotning barcha jabhalariga kirib borayotganini ta’kidladi. Yil boshida 2030 yilga borib sun’iy intellektning global bozori 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirda tahlilchilar bu ko‘rsatkich 20 trillion dollardan oshishini kutmoqda. Prezident xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar salohiyatini 2030 yilga borib 10 milliard dollarga baholayotganini, bu ilgari prognoz qilingan 1,5 milliard dollardan sezilarli darajada oshib ketganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha bir qancha qadamlar qo‘yildi: 2030 yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi, Raqamli texnologiyalar vazirligi tarkibida maxsus markaz tashkil etildi, 30 dan ortiq tajriba loyihalari ishga tushirildi. Ushbu chora-tadbirlar mamlakatga SIga tayyorlik xalqaro indeksida 17 pog‘onaga ko‘tarilib, jahon miqyosida 70-o‘rin va Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egallash imkonini berdi.

Mirziyoyev vazirlar, hokimlar va sektor rahbarlariga haftaning bir kunini sun’iy intellektni rivojlantirishga bag‘ishlashni topshirdi. Shuningdek, shahar va tumanlarda hokimning raqamlashtirish va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini joriy etish, barcha vazirlik va hokimliklarda SIni rivojlantirish bo‘limlarini tashkil etish to‘g‘risida buyruq berildi. Bu bo‘limlarga faoliyat samaradorligi va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirish, «yashirin» iqtisod, byurokratiya kabi masalalarga yechim topish vazifasi yuklanadi.

Majlisda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha aniq misollar keltirildi. Masalan, Urganch shahrida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan «Aqlli shahar» tizimi ishga tushirildi. U barcha asosiy shahar xizmatlari — elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish, chiqindi korxonalarini yagona Situatsion markaziga birlashtirgan. Har bir yo‘nalishdan kelib tushayotgan murojaatlarni sun’iy intellekt asosida tahlil qilib, tezkor kompleks yechim berish yo‘lga qo‘yilgan. Bularning hisobidan yiliga 16 milliard so‘m (taxminan 1,3 million dollar) tejalmoqda. Barcha viloyat markazlari va tumanlar hokimlariga yil oxirigacha Urganch tajribasini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.