O‘zbekistonda geologiya sohasida Kolorado konchilik maktabi ishtirokida Kompetensiyalar markazi ochiladi

msudenver.edu sayti fotosurati

O‘zbekistonda geologiya sohasida tadqiqot va amaliy faoliyatni birlashtiruvchi Kompetensiyalar markazi tashkil etiladi. Muassasa Kolorado konchilik maktabi kabi xalqaro hamkorlar yordamida barpo etiladi. Tegishli idoralar rasmiylari loyihani 27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etishdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Taqdimotda Amerika universiteti konchilik sohasida dunyodagi yetakchi markazlardan biri ekani ta’kidlandi. Biroq, ushbu loyihada boshqa qaysi xalqaro tashkilotlar ishtirok etayotgani hozircha noma’lum.

Markazning asosiy vazifalari qidiruv ishlariga raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va aero-geofizik texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi. Ilg‘or xorijiy tajribaga asoslanib, ma’lumotlarni raqamli shaklda tahlil qilish, geokimyoviy va kosmogeologik tadqiqotlar natijalarini integratsiyalash hamda istiqbolli konlarni aniqlashni tezlashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda mamlakat geologiya tizimini zamonaviy ilmiy va texnologik asosda rivojlantirish, qazilma boyliklar bo‘yicha resurs bazasini kengaytirish hamda mineral xomashyoni chuqur qayta ishlashni ta’minlash dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.

Dunyo tajribasi geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish murakkab bo‘lgan hududlarda ham sun’iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlash mumkinligini ko‘rsatayapti. Bu borada regional tadqiqotlarni kengaytirish va zamonaviy geofizik usullardan foydalanish qo‘l keladi.

Rasmiylar hisobotlarini tinglagandan so‘ng, davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qulladi va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish, istiqbolli sohalarni aniqlash va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kolorado konchilik maktabi bilan hamkorlik masalasi shu yilning sentyabr oyida Mirziyoyevning AQSHga tashrifi davomida muhokama qilingan edi. O‘shanda tomonlar O‘zbekiston Geologiya fanlari universiteti bazasida Kompetensiya markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgan edi.

Markaziy Osiyo respublikasi rahbari va Amerika biznes vakillari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, Traxys kompaniyasi O‘zbekistondagi muhim mineral konlarni qidirish va rivojlantirish loyihalariga 1 milliard dollar sarmoya kiritishi e’lon qilinganini qo‘shimcha qilamiz.