Mirziyoyev Kasbiy ta’lim agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

yuz.uz sayti fotosurati

O‘zbekistonda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi, u texnikum bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishini yaxshilashga qaratilgan. Yangi agentlikning tashkil etilishi haqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 23 oktyabr kuni imzolagan farmonida so‘z yuritiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.

Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad — kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitishda boshqaruv tizimini takomillashtirish orqali yagona yondashuv asosida kasbga o‘qitish, ilg‘or xorijiy tajribalarni samarali joriy etish va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Kasbiy ta’lim faoliyatini davlat ta’lim standartlari asosida tashkil qilgan texnikumlar va o‘quv kurslari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjat (diplom, sertifikat) Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan beriladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari raisligida Kasbiy ta’limni rivojlantirish hududiy tadbirkorlar kengashlari tashkil etiladi. Ushbu organlarning tarkibi Toshkent, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu kengashlar tarkibiga yirik kompaniya va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, vazirlik va idoralarning mintaqaviy bo‘limlari xodimlari kirishi kutilmoqda.

Mirziyoyev shu yilning sentyabr oyida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etilishini ma’lum qilgandi. Islohotlarning dolzarbligi haqida gapirar ekan, prezident mamlakatda 450 ming talabani qabul qilish quvvatiga ega 598 ta texnikum faoliyat yuritayotganiga qaramay, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish darajasi pastligicha qolayotganini ta’kidlagandi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi agentlik xalqaro standartlarga mos zamonaviy ta’lim tizimini joriy etadi, investorlar va yirik korxonalar buyurtmasiga ko‘ra kadrlar tayyorlaydi. Shu bilan birga, davlat rahbari hukumatning eng muhim vazifasi — yoshlarning kasb egallashi va barqaror daromad olishi uchun sharoit yaratish ekanini ta’kidlagandi.