Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Namanganda yirik miqyosda qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarayotgan korxonani aniqladilar. Tadbirkorlar faqat biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) ishlab chiqarish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lishlariga qaramay, noqonuniy ravishda to‘qqizta dori vositasini ishlab chiqarishgan, deb xabar beradi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) o‘zining Telegram-kanalida.
Noqonuniy ishlab chiqarish korxonasi DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan operatsiya davomida aniqlangan. Tekshiruvlar paytida Bilogik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish litsenziyasiga ega kompaniya dori-darmonlar ishlab chiqarayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, dorilar sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda ishlab chiqarilgan. Shuningdek, tadbirkorlar mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan mahsulotlar nomlarini ataylab noto‘g‘ri yozishgan.
Masalan, «Pikovit» dorisi — «Pivovit», «Kanefron» — «Kanaseron», «Espumizan» — «Espumetik», «Nistatin» — «Nestitam» ko‘rinishida ishlab chiqilgan.
Natijada, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan 1,2 milliard so‘m (taxminan 100 ming dollar) qiymatidagi to‘qqiz turdagi dori vositalari BFQ solingan 138 mingdan ortiq quti, 1,8 milliard so‘m (deyarli 150 ming dollar) qiymatidagi prekursorlar, shuningdek, 3,4 milliard so‘m (283 ming dollar) qiymatidagi flakonlar, qopqoqlar va etiketkalar
musodara qilingan. Bundan tashqari, 18 milliard so‘m (1,5 million dollar) qiymatidagi ishlab chiqarish uskunalari va tibbiy mahsulotlar uchun mo‘ljallangan maxsus idishlar musodara qilingan.
DXX ma’lumotlariga ko‘ra, jami 30 milliard so‘m (2,5 million dollar) miqdoridagi tovar – moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Tergov natijasida respublikaning turli hududlariga, xususan, Farg‘ona vodiysi va Toshkent shaharlariga qalbaki dorilar yetkazib berilgani aniqlandi.
Hozirda ekspertizalar tayinlangan va qalbaki dorilar savdosi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

