 Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati fotosurati
	
			Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati fotosurati
	O‘zbekistonda 2024 yili va hozirgi kungacha qirq yettita maishiy chiqindi poligoni yopildi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joylarda rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari bajarilgan.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Qoraqalpog‘iston (O‘zbekiston tarkibidagi suveren respublika) va boshqa sakkiz viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Masalan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida oltita, Qashqadaryo viloyatida beshta va Toshkent va Namangan viloyatlarida uchta chiqindi poligonlari yopilgan.
Bu yil umumiy maydoni 81,5 gektardan ortiq bo‘lgan 18 ta shunday obyektni tugatish ishlari yakunlangan.
Shunday qilib, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan boshqariladigan 185 ta chiqindixonadan 47 tasida rekultivatsiya qilish hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, respublika bo‘yicha jami 42 ta chiqindi to‘plash poligoni faoliyati tugatilib, 90 gektarga yaqin yer maydoni tabiatga qaytarilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu choralar prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil boshida imzolagan «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va uning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni doirasida amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida, chiqindi poligonlarini yo‘q qilishning keng ko‘lamli jarayoni «O‘zbekiston 2030» strategiyasining 72-bandiga muvofiq amalga oshirilmoqda, unda bunday maydonlarni 2030 yilga kelib bosqichma-bosqich yopish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ma’lumki, ko‘rsatkichlarga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan maishiy chiqindi poligonlari sonini joriy yili 20 foizga va 2030 yilga kelib 50 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish zavodlari va shunga o‘xshash inshootlar qurishga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Masalan, 2022 yili Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni yig‘ish va uni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar joriy etilishini ma’lum qilgandi.
Joriy yilning sentyabr oyida Toshkentda tibbiy chiqindilarni yoqish orqali issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan mamlakatdagi birinchi zavodning ishga tushirilgani xabar qilingandi.
 
			 
			 
			 
			 
			 
			

