O‘zbekiston Migratsiya Agentligi Moskvada muhtoj migrantlar uchun vaqtincha uy-joy xarajatlarini qoplaydi

Xosteldagi xona. Illustrativ fotosurat

Rossiyada uysiz qolib ketgan o‘zbekistonlik migrantlar xostellarda 30 kungacha bepul turar joy bilan ta’minlanadi, deb xabar beradi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining (TMMA) RFdagi vakolatxonasi.

Dastur doirasida Rossiya Federatsiyasida ishlash davrida murakkab moliyaviy ahvolda, turar joysiz qolgan, tazyiqqa uchragan, majburiy mehnat yoki zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan hamyurtlarga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Migratsiya agentligining Rossiyadagi Vakolatxonasi Moskva va Moskva viloyatidagi 15 taga yaqin xostel va sutkalik mehmonxonalar bilan shartnoma imzolagan. Hozirda Shimoli-g‘arbiy, Ural, Sibir, Uzoq Sharq va Janubiy okruglarda ham shunday xostel va mehmonxonalar bilan shartnoma imzolash ishlari ketmoqda.

Murakkkab moliyaviy ahvolda turar joysiz qolgan fuqaro — Migratsiya agentligining Moskva shahri, 1-Kazachiy tor ko‘chasi, 11/2 uyda («Polyanka» metro bekati) joylashgan vakolatxonasiga murojaat qilishi mumkin. Vaziyatni o‘rgangan holda unga, 30 kungacha bepul yotoqxonada yashash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, +7 (925) 045-47-44 telefon raqami orqali bog‘lanish mumkin.

Agentlik hozirda Rossiya yoki boshqa mamlakatlarda bo‘lgan muhtoj o‘zbekistonliklarga moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatini eslatib o‘tadi. Bunga tibbiy xarajatlar, uy-joy, yuridik to‘lovlar, repatriatsiya va boshqa xarajatlar kiradi.

Noyabr oyida O‘zbekiston hukumati Migratsiya agentligi tarkibida fuqarolarga, jumladan, chet elda ishlayotganlarga 24/7 shoshilinch yordam ko‘rsatadigan situatsion markaz ochish rejalarini e’lon qilgandi.