4 iyun kuni O'zbekiston va Rossiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stantsiyasi (AES) bloki qurilishiga start berdilar. Bu haqda president.uz va kremlin.ru xabar berdi.
Marosim Sankt-Peterburgdan videokonferentsiya orqali bo'lib o'tdi. Unda Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi, «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o'rinbosari Andrey Petrov va «O'zatom» yadro energetikasini rivojlantirish agentligi direktori Azim Axmedxodjayev ishtirok etdi
Prezidentlar o'z nutqlarida loyihaning o'ziga xosligini ta'kidladilar.
««Rosatom» O'zbekistonning Jizzax viloyatida har biri 1000 megavatt quvvatga ega ikkita yirik III avlod+ reaktorini va 55 megavatt quvvatga ega ikkita kichik energiya blokini quradi. O'zbekiston prezidenti tomonidan tanlangan ushbu noyob sxemaning dunyoda analogi yo'q va AESni iloji boricha kuchli va samarali qiladi», — dedi Putin.
Uning ta'kidlashicha, stantsiya ishga tushirilgandan so'ng, u yiliga taxminan 17 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va bu O'zbekiston ehtiyojlarining 15 foizigacha qoplaydi.
Putin
Rossiya O'zbekistonga imtiyozli eksport krediti berishini ma'lum qildi.
Rossiya shuningdek, stantsiya faoliyatining barcha bosqichlarida yordam ko'rsatadi. Bunga reaktor yoqilg'isini uzoq muddatli yetkazib berish, texnik xizmat ko'rsatish, ishlatilgan yadroviy materiallarni boshqarish va AES uchun malakali kadrlarni tayyorlash bo'yicha majburiyatlar kiradi.
Prezidentlar AES qurish jarayonida barcha XAEA xavfsizlik standartlari va ekologik talablarga rioya qilinishini ta'kidladilar.
«Xavfsizlik biz uchun mutlaq va so'zsiz ustuvor vazifadir. Stantsiyasi qurish va ishga tushirishga tayyorlash eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilg'or muhandislik yechimlari asosida va XAEAning doimiy nazorati ostida amalga oshirilmoqda», — dedi Mirziyoyev.
Ilgari, Putin bilan alohida uchrashuvda Mirziyoyev O'zbekiston uran qazib olish bo'yicha dunyoda beshinchi va zaxiralar bo'yicha o'ninchi o'rinni egallashini eslatgandi.
«Bu bizning 60 yillik kelajagimiz. Bizning yangi gibrid elektr stantsiyamiz 19,5 tonna uran talab qiladi. Biz bu masalani «Rosatom»dagi hamkasblarimiz bilan juda jiddiy muhokama qilmoqdamiz. Menimcha, bu natija ikki tomon uchun ham juda foydali bo'ladi. Bu Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi energetika sohasidagi strategik loyihadir», — deb ta'kidladi O'zbekiston prezidenti.
O'z navbatida, XAEA bosh direktori Rafael Grossi telekonferentsiya davomida «O'zatom» va «Rosatom» butun dunyo bo'ylab amalga oshiradigan barcha loyihalarga sodiq ekanini ta'kidladi.
«Ular xavfsizlik, himoya va tarqatmaslik tamoyillariga to'liq hurmat bilan qarashadi. Biz ushbu loyihani har bir bosqichda amalga oshirishga ko'maklashamiz, bunga amin bo'lishingiz mumkin», — dedi Grossi.
«Moskva muhandislik fizikasi instituti» Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filiali talabalari tugmani bosish orqali birinchi atom elektr stantsiyasi bloki qurilishini ramziy ravishda boshladilar.
Bo'lajak stantsiya quriladigan joyda «birinchi beton»ning ramziy quyilishi bo'lib o'tdi. «O'zatom» agentligining ta'kidlashicha, birinchi betonning quyilishi (dastlabki bosqichda 133 kubometr aralashma, umumiy hajmi 10 000 kubometrdan ortiq) ushbu ob'ektni XAEA xalqaro standartlariga muvofiq qurilayotgan atom elektr stantsiyasi sifatida rasman tasdiqlaydi.
«O'zatom» bosh direktori Azim Axmedxodjayevning so'zlariga ko'ra,
O'zbekistonda integratsiyalashgan AES qurish qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi.
«Biz [loyiha qiymatining 85-90 foizini] kredit mablag'lari sifatida jalb qilmoqchimiz. «Katta to'rtlik» (Big Four) xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda olib borgan hisob-kitoblarimizga ko'ra, agar bu miqdor loyihaga investitsiya qilinsa, byudjetga ta'sir 165 milliard dollardan oshadi. Tegishli xizmatlar ko'rsatiladi va soliq tushumlari ham olinadi. Shuning uchun bu loyiha juda samarali hisoblanadi», — dedi Axmedxadjayev.
O'zbekiston va Rossiya o'rtasida atom energetikasi sohasida, jumladan, O'zbekistonning birinchi AESini qurish bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi bitim 2017 yil dekabrь oyida imzolangan edi. O'shanda AES majmuasi har biri 1200 MVt quvvatga ega ikkita energiya blokidan iborat bo'lishi kutilgan edi.
Keyinchalik, kichik atom elektr stantsiyasini (KAES) qurish to'g'risida qaror qabul qilindi va aynan undan birinchi qadamni tashlashga kelishib olindi. 2024 yil 27 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi davomida «Rosatom» bilan KAESni loyihalash, yetkazib berish va qurish bo'yicha yangi shartnoma imzolandi. Stantsiya Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Tuzkon ko'li yaqinidagi taxminan 525 gektar yerda quriladi
So'nggi kelishuvlarga ko'ra, Forishdagi uchastkada har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktorli ikkita kichik energiya bloki va VVER-1000 reaktorli ikkita yirik energiya bloki quriladi. Majmuaning umumiy quvvati 2,1 GVt ni tashkil qiladi. Energiya bloklarini ishga tushirish 2029-2035 yillarga mo'ljallangan.



