Qirg'iziston fuqarosi Rossiya FXX buyrug'i bilan ukrainalik razvedka xodimini o'ldirishga urinishda ayblanmoqda

Ukrainananing Nikolayev viloyati prokuraturasi matbuot xizmati fotosurati

28 yoshli Qirg'iziston fuqarosi Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) xodimini o'ldirishga urinishda ayblanmoqda. Ukrainaning Nikolayev viloyati prokuraturasi xabariga ko'ra, ayblov xulosasi sudga taqdim etilgan.

Tergovchilarning so'zlariga ko'ra, sudlanuvchi Qirg'izistonda bo'lganida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) tomonidan yollangan. FXX xodimining ko'rsatmalariga binoan qirg'izistonlik Ukrainaga yo'l olgan. U dastlab Nikolayev viloyatining Pervomaysk shahrida bo'lgan. Bu yerda u bir nechta smartfon va SIM-kartalarni sotib olgan va ularni muntazam ravishda Rossiya razvedka idoralari bilan maxfiy aloqada bo'lish uchun almashtirib yurgan.

Keyin FXX agenti Kiyevga yo'l olgan. U kurotordan to'pponcha va o'q-dorilar saqlanadigan yashirin joy koordinatalarini, shuningdek, o'ldirishi kerak bo'lgan potentsial «nishon» — ukrainalik razvedka xodimining fotosuratini olgan. Unga shuningdek, bo'lajak qurbon qayorda va qachon bo'lishi ham ma'lum qilingan.

2025 yil noyabr oyi oxirida qirg'izistonlik suiqasd paytida hibsga olingan. Undan qurol va o'q-dorilar, shuningdek, FXX bilan aloqada bo'lganlik dalillari bo'lgan smartfon musodara qilingan.

Ayblanuvchining harakatlari Ukraina Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bo'yicha tasniflangan, jumladan:

15-moddaning 2-qismi («Jinoyat sodir etishga urinish»);

111-2-moddaning 1-qismi («Bosqinchi davlatga yordam berish»);

115-moddaning 2-qismining 6, 11 va 12-bandlari («Bir guruh shaxslar tomonidan buyurtma asosida va oldindan til biriktirgan holda g'arazli niyatda qasddan odam o'ldirish»);

263-moddaning 1-qismi («Qonunda nazarda tutilgan ruxsatnomasiz o'qotar qurollar, o'q-dorilar yoki portlovchi moddalarni olib yurish, saqlash, sotib olish, o'tkazish yoki sotish»).

Ayblanuvchi hibsda saqlanmoqda. U umrbod qamoq jazosini olishi va mol-mulklaridan mahrum bo'lishi mumkin.