Toshkent xalkaro investitsiya forumida qariyb 100 mamlakatdan uch mingdan ortiq mehmonlar ishtirok etadi

O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

16-18 iyun kunlari O'zbekiston poytaxtida bo'lib o'tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga forumga tayyorgarlik yuzasidan axborot berildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamg'armalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor.

Taqdimotda forum va uning doirasida o'tkaziladigan tadbirlar dasturi haqida ma'lumot berildi. Xususan, yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o'tkaziladi.

O'zbekistonning investitsiya salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazmada qishloq xo'jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun'iy intellekt va axborot texnologiyalari tarmoqlarining imkoniyatlari taqdim etilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, forum doirasida Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi bo'lib o'tadi. Unda mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.

Mas'ullarning so'zlariga ko'ra, forumda investitsiya kelishuvlarining yirik to'plamini imzolash rejalashtirilgan. Hozirda yangi loyihalarni shakllantirish ishlari jadal ketmoqda.

Kelishuvlar kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, yengil sanoat, elektrotexnika va mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, qurilish materiallari, energetika va ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va infratuzilma, bank-moliya, transport-logistika, turizm hamda ta'lim kabi muhim yo'nalishlarni qamrab oladi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi yangi ish o'rinlari yaratish, yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi 16-18 iyun kunlari bo'lib o'tadi. Ushbu tadbir O'zbekistonning biznes salohiyatini keng namoyish etish va xorijiy sheriklar bilan o'zaro manfaatli biznes loyihalarini rivojlantirish va ilgari surish uchun platforma xizmatini o'taydi.